Yana telekanallar Otabekovni ko‘rsatishni boshladi. Koronavirus bo‘yicha vaziyat jiddiymi?
Salomatlik
−
24 noyabr 2022
19821O‘zbekistonda yana koronavirusga chalinayotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Oxirgi 7 kunda mamlakatda 482 nafar bemor aniqlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining fikriga ko‘ra, kasallikning tarqalish darajasi “1” bo‘lgan holatda vaziyatni barqaror deb baholash mumkin. Hozir O‘zbekistonda kasallik tarqalish darajasi “2”ni tashkil etyapti. Oxirgi 7 kun mobaynida 482 nafar bemor aniqlangan va ular shifoxonaga yotqizilgan. 358 nafar bemor shifoxonadan chiqarilgan”, deydi Otabekov.
Uning ma’lum qilishicha, 2310 nafar shaxs karantinga olingan va 1306 kishi karantindan chiqarilgan.
Ayni vaqtda mamlakatdagi koronavirusni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarda 500 dan ko‘proq bemor davolash muolajalarini olyapti.
Nurmat Otabekov so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonda koronavirusning aynan qaysi turi tarqalayotganiga aniqlik kiritdi.
“Virusning genomenini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, hozir O‘zbekistonda omikronning stels-omikron shtammi, ya’ni BA5 tarqalgan. Hozir dunyo hamjamiyatida faqat omikron shtammi tarqalganini ko‘rish mumkin. Bizdagi o‘rganishlar ham 100 foiz aynan o‘sha shtamm ekanini ko‘rsatmoqda”, deydi u.
Kasallanganlarning 11 foizdan ko‘prog‘ini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, qariyb 12 foizini 60 yoshdan yuqori bo‘lganlar, 55 foizini 20 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlami tashkil etmoqda.
O‘zbekistonda koronavirus chalingan ilk bemor qayd etilgan 2020 yilning 15 martidan joriy yilning 23 noyabrigacha koronavirus bilan kasallanganlar soni 245 665 nafarni tashkil etib, ulardan 243 234 nafari (99,1 foiz) sog‘aygan, 1637 nafari (0,6 foiz) vafot etgan.