“Yana qancha bola o‘lishi kerak?” Erdo‘g‘an Yevrokomissiyaning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasini qoraladi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
8378G‘azoga qilingan hujumlar uzoq vaqtdan beri o‘zini-o‘zi himoya qilish doirasidan o‘tib, ochiqdan-ochiq shafqatsizlik, zo‘ravonlik, qirg‘in va vahshiylikka aylanib bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 26 oktyabr kuni Anqaradagi yig‘ilishda so‘z ochdi.
Turkiya rahbari sivilizatsiyalashgan jamiyat Isroil hujumlari fonida G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan vahshiylikni “shunchaki kuzatayotganidan” afsusda ekanini bildirgan.
Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqining G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish chaqirig‘ini aytishdan bosh tortgan bayonotini keskin qoralagan.
“Yana qancha odam o‘lishi kerak, yana qancha bolalar o‘lishi kerak? Yevropa komissiyasi o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishi uchun yana qancha bola o‘lishi kerak? BMT Xavfsizlik Kengashi chora ko‘rishi uchun G‘azo sektoriga yana qancha tonna bomba tushishi kerak?”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, gap-so‘zga kelganda, inson huquq va erkinliklari haqida hukm chiqarganlar 19 kundan beri “mazlum G‘azo xalqi”ning yashash huquqini mensimay kelyapti.
"Barcha G‘arb davlatlari bu xurujlarni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlamoqda. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga nima bo‘ldi? U yerda nima yozilganiga qaramaysizmi? Ular o‘zlariga kerak bo‘lganida qarashadi, to‘g‘ri kelmaganida esa yo‘q.
Ular yordam kemasi o‘rniga samolyot tashuvchi kema jo‘natib, qaysi qabulxonaga xizmat qilishlarini ko‘rsatishdi. Bu ikkiyuzlamachilik deb ataladi”, deydi Turkiya Prezidenti.
Erdo‘g‘an Turkiyaning ko‘z o‘ngida vahshiyliklar sodir etilayotgan bir paytda uning jim turishini hech kim kutmasligini ta’kidlagan.
"G‘arbda jim turgan davlatlar bor. Bular Isroilga qarzdor davlatlar. Turkiya Isroildan hech narsa qarzdor emas", deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Isroil bilan qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatgandi.
LiveBarchasi