Yana bir tennischi O‘zbekiston fuqaroligini oldi
Sport
−
01 dekabr 7947 2 daqiqa
Ayollar Tennis Assotsiatsiyasi (WTA) reytingida 109-o‘rinni egallab turgan professional tennischi Kamilla Rahimova O‘zbekiston fuqaroligini oldi. Endi Rahimova xalqaro miqyosdagi musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Kamilla Rahimovaning O‘zbekiston terma jamoasiga qo‘shilishi tarixiy voqea. U o‘zini kuchli va raqobatbardosh tennischi sifatida ko‘rsatgan, dunyoning eng yaxshi o‘yinchilari bilan tengma-teng o‘ynay oladi. Biz Kamillani terma jamoa tarkibida ko‘rganimizdan mamnunmiz va oldinda yorqin g‘alabalar, katta yo‘l va yangi rekordlar borligiga ishonamiz”, dedi O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi bosh kotibi Sardor Komilov.
24 yoshli Kamilla Rahimova 2001 yil 28 avgust kuni Yekaterinburgda tug‘ilgan. Kamilaning oilasi O‘zbekiston bilan bog‘liq – uning onasi Rufina Rahimova yoshligida o‘z yosh toifasida eng kuchli tennischilar qatoriga kirgan va O‘zbekiston SSR sharafini himoya qilgan. Kamillaning katta akasi Timur Rahimov esa Toshkentda tug‘ilgan. Shu oilaviy ildizlar Rahimovaning O‘zbekiston nomidan musobaqalarda ishtirok etish qarorining asosiy sababi bo‘lishi mumkin.
Faoliyatidagi asosiy natijalar:
- Yakkalikdagi eng yuqori reytingi: №60 (2024 yil 30 dekabr);
- Juftlikdagi eng yuqori reytingi: №51 (2025 yil 25 avgust);
- WTA juftlikda 3 ta titul;
- ATA 125 yakkalikda g‘oliblik, shuningdek, juftlikdagi g‘alabalar.
“Katta Dubulg‘a” turnirlaridagi eng yaxshi natijalari (yakkalik):
- US Open: 3-bosqich (2021);
- Roland Garros: 3-bosqich (2023);
- Uimbldon: 3-bosqich (2025), jumladan, dunyoning 5-raqami Jasmin Paolini ustidan g‘alaba.
“Katta Dubulg‘a” juftlikdagi natijalari:
- Australian Open: chorak final (2025);
- Roland Garros: 3-bosqich (2025);
- Uimbldon: 2-bosqich (2024, 2025).
2025 yil 28 noyabr kungi yangilangan WTA reytingiga ko‘ra, Rahimova yakkalikda 109-o‘rinda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki iqtidorli tennischi Layma Vladson va Aleksandra Barmichevalar ham O‘zbekiston fuqaroligini olgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr