Yana bir xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdori O‘zbekistonga olib kelindi
Jamiyat
−
08 noyabr 2021
12104Xalqaro terroristik tashkilotga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan, 1995 y.t. S.S. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs internet tarmog‘i orqali Suriya davlati hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti a’zolarining ta’siriga tushib qolgan.
U o‘zining tanishlari bilan Telegram messenjerida virtual guruh tashkil etib, ekstremistik oqimlar va xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “jihod”ga chorlovchi materiallarini unga joylab, o‘zaro muhokama qilishgan. Shuningdek, Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkilotiga qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketmoqchi bo‘lishgan.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning noqonuniy harakatlari fosh etilgan hamda 2018 yilning iyun oyida S.S. va uning jinoiy aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, S.S.ga nisbatan insonparvarlik prinsipini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Biroq, S.S. o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida aylanma yo‘llar orqali davlat chegarasini kesib o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlarining biriga borgan vaqtida hibsga olingan.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, 2015-2021 yillar davomida Suriya va Iroq davlatlaridagi terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashgan O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi