Yamalning 11 million yevrolik uyida o‘g‘irlikka urinish sodir bo‘ldi
Sport
−
15 iyul 3509 1 daqiqa
Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” yarim himoyachisi Lamin Yamalning Barselona shahri yaqinidagi Espluges-de-Lobregatda joylashgan uyida o‘g‘irlikka urinish sodir etildi. Bu haqda “El Espanol” nashri xabar berdi.
Hodisa kecha, 14 iyul kuni kechqurun, Ispaniya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finalida Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan paytda yuz bergan. O‘sha vaqtda Lamin Yamal AQSHda bo‘lib, mazkur uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. U ishlab bergan penaltini Mikel Oyarsabal aniq amalga oshirdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, niqob taqqan ikki nafar noma’lum shaxs hovli devoridan oshib, mulk hududiga kirishga uringan. Biroq xavfsizlik xizmati xodimlari ularni kuzatuv kameralari orqali o‘z vaqtida aniqlagan. Shundan so‘ng zudlik bilan chora ko‘rilgan va gumondorlar uy ichiga kira olmasdan voqea joyidan qochib ketgan. Kataloniya politsiyasi ushbu hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.
Ma’lum qilinishicha, Yamal yashaydigan qasr avvalroq mashhur xonanda Shakira hamda “Barselona”ning sobiq himoyachisi Jerar Pikega tegishli bo‘lgan. Uyning taxminiy qiymati 11 million yevro deb baholanmoqda.
Jahon chempionati finaliga chiqqan Ispaniya terma jamoasi endi joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Argentina – Angliya bahsi g‘olibi bilan to‘qnash keladi.