Rekord: Yamal va Holandning transfer narxi keskin ko‘tarildi
Sport
−
23 iyul 8030 2 daqiqa
Nufuzli “Transfermarkt” portali Jahon chempionatidan so‘ng futbolchilarning bozor qiymatini yangiladi. Unga ko‘ra, Lamin Yamal va Erling Holandning bozor qiymati tarixda ilk bor 220 million yevroga yetdi.
Yangilangan reytingda ispaniyalik va norvegiyalik futbolchilarning transfer qiymati 20 million yevroga oshdi. Shu vaqtga qadar “Transfermarkt” hech bir futbolchini 200 million yevrodan yuqori baholamagan edi.
Fransiya terma jamoasi hujumchisi va 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari Kilian Mbappening ham qiymati 20 million yevroga oshdi. Shu tariqa, uning bozor qiymati 2026 yil iyun oyida pasaytirilganidan keyin yana 200 million yevroga qaytdi.
Shuningdek, bozor qiymati kamida 100 million yevro bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatiga yana 4 nafar o‘yinchi qo‘shildi. Angliyalik Elliott Anderson va Morgan Rodjersning har biri 110 million yevro, ispaniyalik Pau Kubarsi hamda argentinalik Enso Fernandes esa 100 million yevroga baholandi.
Shunday qilib, hozirda transfer qiymati 100 million yevro yoki undan yuqori bo‘lgan futbolchilar soni 26 nafarga yetdi.
Foiz hisobidagi eng katta o‘sish esa 40 yoshli Kabo-Verde darvozaboni Vozinya hissasiga to‘g‘ri keldi. Uning transfer qiymati 50 ming yevrodan 500 ming yevrogacha ko‘tarilib, o‘n barobarga oshdi.
Jahon chempionatidan keyin “Transfermarkt” portali mundialda ishtirok etgan 99 nafar futbolchining bozor qiymatini yangiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkazildi. Tarixda ilk bor musobaqada 48 ta terma jamoa ishtirok etdi. Finalda Ispaniya qo‘shimcha vaqtda Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda esa Angliya Fransiyani 6:4 hisobida mag‘lub etdi.
Live
Barchasi