Yakkasaroydagi mehmonxonada “gashish” sotayotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
13:20 295 2 daqiqa
Toshkent shahrida 1 kilogramm 233 gramm “gashish”ni sotayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi fosh etilgan.
Tezkor kuzatuvda bo‘lgan shaxs uchta o‘ramga joylangan, umumiy og‘irligi 1 kilogramm 233 gramm bo‘lgan “gashish”ni sotishga kelishgan. U xaridordan kelishilgan pulning bir qismini olib, evaziga giyohvandlik vositasini berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs avval ham giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda noqonuniy sotgani uchun Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan sudlangan.
Bojxona organlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan “gashish” o‘rtacha hisobda 8 600 ta iste’mol dozasiga teng ekani aytilmoqda. Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, bojxona organlari yil boshidan buyon huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 844 ta holatda 2,2 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy olib o‘tilishi hamda mamlakat hududidagi yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqaroning uyidan 2 kilogrammdan ortiq “marixuana” topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr