Yaqin Sharqdagi AQSH qo‘shinlaridan foyda yo‘q – Raisiy

Olam

image

Bugun, 29 aprel kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Yaqin Sharqdagi qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro tushunish mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashini aytdi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.

“Bizning fikrimizcha, xorijiy va xususan, Amerika qo‘shinlarining mavjudligi mintaqa xavfsizligiga foyda keltirmaydi. Vaziyatni yaxshilashning kaliti qo‘shnilar o‘rtasidagi muzokaralar va hamkorlikdir”, deydi Ibrohim Raisiy.

Shu kuni u Tehronda Eronga rasmiy tashrif bilan kelgan Iroq Prezidenti Abdul Latif Rashid bilan ham uchrashgan. U strategik xususiyatga ega bo‘lgan Eron-Iroq hamkorligi ikki tomonlama aloqalar doirasidan chiqib, muhim mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lganiga ishora qilgan.

Shuningdek, eronlik siyosatchi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022 yilda 10 milliard dollarga yetganini va bundan buyon ham o‘sish tendensiyasi borligini eslatgan.

“Siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy sohalarda yaxshi aloqalarimiz bor va ikki davlat xalqlarimizning ehtiyojlarini qondirish uchun ularni rivojlantirishga qat’iy qaror qildi”, deydi Eron Prezidenti.

Raisiyning ta’kidlashicha, iroqlik mavqedoshi bilan muzokaralar chog‘ida Arvandrud (Shatt al-Arab) daryosining suv resurslaridan adolatli foydalanish masalasi ko‘rib chiqilgan.

“Biz Eron va Iroqning ushbu daryoning suv resurslaridagi ulushini o‘zgarmas holda saqlab qolish zarurligini ta’kidladik.  Ikki mamlakat energetika vazirlari har qanday kelishmovchiliklarning oldini olish uchun texnik muammolarni hal qilish maqsadida uchrashadilar”, deydi Raisiy.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Yaqin Sharq Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing