Yadro ob’ektlariga hujumlar taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Eron, Rossiya, Xitoy, Venesuela, Nikaragua va Belarus “MAGATE kafolatlari ostida bo‘lgan yadro ob’ektlari va inshootlariga hujumning barcha shakllarini taqiqlash to‘g‘risida”gi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma” yaxlitligini himoya qilish uchun Eron Xitoy, Rossiya, Venesuela, Nikaragua va Belarus bilan birgalikda “MAGATE kafolatlari ostida bo‘lgan yadro ob’ektlari va infratuzilmalarga hujumlar va hujum tahdidlarini taqiqlash to‘g‘risida” rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi”, deb yozdi u.

Hujjat doirasida barcha davlatlar boshqa mamlakatlardagi tinch yadro ob’ektlariga hujum qilish yoki hujum bilan tahdid qilishdan tiyilishi kerak. Bundan tashqari, barcha mamlakatlarda “tinch maqsadlarda atom energetikasini rivojlantirishning ajralmas huquqi” va “har qanday hujumga qarshi samarali kafolatlarga ega bo‘lish huquqi” mavjud.

Qayd etish joiz, bir kun oldin AQSH Energetika vaziri Kris Rayt Eronning yadro dasturi, jumladan, uranni boyitish bo‘yicha barcha dasturlarning to‘liq yopilishi kerakligini aytgan. Uning fikricha, mamlakat MAGATE bilan hamkorlik qilishi va xavfsizlik bo‘yicha o‘z majburiyatlariga rioya qilishi lozim.

Joriy yilning 8 sentyabr kuni MAGATE bosh direktori Rafael Grossi agentlikning Eron hududidagi to‘liq inspeksiyalarini qayta tiklash mamlakatning yadro ob’ektlariga berilishi mumkin bo‘lgan harbiy zarbalar ehtimolini kamaytirishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar MAGATE Eron hududida tekshirishlarni boshlasa, bu harbiy harakatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Tehron va MAGATE o‘rtasidagi hamkorlik joriy yilning iyun oyida Isroil va Qo‘shma Shtatlar Eronning Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy maydonlariga hujum qilgan 12 kunlik urushdan keyin to‘xtatilgan edi. Eron hukumati yadroviy inshootlarga qilingan hujumlarda harakat qilmayotgani uchun tanqid qilinganidan so‘ng, joriy yilning 2 iyul kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon buyrug‘i bilan MAGATE inspektorlari mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Joriy yilning 14 sentyabr kuni esa Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining Yadro qo‘mitasi Qohirada mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi tomonidan imzolangan agentlik bilan hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron MAGATE Yadro ob'ektlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing