Wildberries yana Ukraina hujumiga uchradi (video)
Olam
−
31 iyul 6260 2 daqiqa
Ukraina bugun, 31 iyul kuni Rossiyaning Volgograd viloyatidagi energetika ob’ektlaridan biriga hamda Wildberries kompaniyasiga tegishli logistika markaziga zarba berdi. Hujumlar oqibatida ob’ektlarda yong‘in yuz bergan. Bu haqda “The Moscow Times” xabar qildi.
Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharovning aytishicha, tungi hujum oqibatida kamida besh kishi jarohat olgan. Biroq u zarba berilgan energetika ob’ektining nomini ochiqlamagan.
NASA’ning FIRMS yong‘in monitoringi tizimi Volgograd shahri janubida joylashgan “Lukoyl” kompaniyasi tasarrufidagi yirik neftni qayta ishlash zavodi hududida bir nechta yirik yong‘in o‘choqlari qayd etilganini ko‘rsatgan.
Wildberries Ukraina dronlari hujumidan so‘ng Volgograddagi logistika markazlaridan birida yong‘in chiqqanini tasdiqlagan. Kompaniya hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini bildirgan.
Qo‘shni Rostov viloyatida esa gubernator Yuriy Slyusar Gukovo shahriga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida bir ayol jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi kecha, 30 iyul oqshomidan 31 iyul tongigacha Rossiya hududi va anneksiya qilingan Qrim ustida 371 ta Ukraina droni urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Ukraina Wildberries kompaniyasini Rossiya armiyasiga dronlar uchun ehtiyot qismlar va boshqa jihozlarni yetkazib berishda ko‘maklashayotganlikda ayblamoqda. Kompaniya esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyul kuni Ukraina dronlari Rossiyaning Perm, Ryazan va Taganrog shaharlari, shuningdek, Qrim yarimorolidagi neftni qayta ishlash zavodlari va Wildberries logistika ob’ektlariga zarba bergan edi.
Ushbu hujumlar ortidan Wildberries Qozog‘istonda 100 ming kvadrat metrgacha ombor maydonlarini qidirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi