Wikileaks: Assanjga qo‘yilgan ayblovlar AQSHda so‘z erkinligining intihosi
Olam
−
24 may 2019
4280Kecha, 23 may kuni AQSHning Sud hokimiyati Wikileaks asoschisi Julian Assanjga nisbatan 17 ta band bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlar e’lon qildi.
Amerika OAVning ta’kidlashicha, yangi ayblovlar AQSH mudofaa salohiyatiga doir ma’lumotlarning noqonuniy qo‘lga kiritilishi va e’lon qilinishi bilan bog‘liq.
AQSH Adliya vazirligining bunday harakati Assanjning Buyuk Britaniyadan ekstraditsiya qilingan taqdirda unga ancha og‘ir jazo berilishiga olib keladi. Ayblov qo‘yilgan har bir band bo‘yicha Wikileaks asoschisiga 10 yil qamoq jazosi berilishi mumkin. Avval qo‘yilgan ayblovlar bilan birga hisoblaganda Assanj 175 yilga qamalishi mumkin.
Bungacha Amerika tomoni Wikileaks asoschisini faqatgina mamlakat Mudofaa vazirligi – Pentagonning kompyuter tarmog‘ini buzganlik uchun jazolash niyatida edi.
Wikileaks tashkiloti AQSH tomonidan Julian Assanjga qo‘yilgan yangi ayblovlarni mamlakatda matbuot erkinligining intihosi ekanini qayd etib o‘tdi.
“Bu aqlsizlik. Milliy xavfsizlik sohasidagi jurnalistik faoliyat va birinchi tuzatishning (AQSH Konstitutsiyasiga – tahr.) tugashi”, deyiladi portalning Twitter’dagi sahifasida.
AQSH Konstitutsiyasidagi birinchi tuzatish mamlakatda so‘z va matbuot erkinligini kafolatlaydi.
Ma’lumot uchun, 2010 yilda mojarolarga sabab bo‘lgan Wikileaks asoschisi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgandi. Biroq jurnalist Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi arafasida Britaniyadagi Ekvador elchixonasidan boshpana topishga muvaffaq bo‘ldi va oxirgi yetti yil davomida o‘sha yerda saqlandi.
Ta’kidlash joizki, Wikileaks asoschisini qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniya va Fransiyada ham ommaviy kampaniya avj olgan. U yerda Assanjga boshpana berish kerakligini ta’kidlovchilar ko‘plab topiladi.
Eslatib o‘tamiz, Ekvador boshpana berishdan bosh tortgan Wikileaks asoschisi Julian Assanj joriy yilning 11 aprel kuni Londonda hibsga olindi.