Tramp Putinni “qafasga solmoqchi” – Weekend

Tahlil

Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi do‘stlik yakuniga yetgandek ko‘rinmoqda. Tramp endilikda Putin Rossiyasini jazolash masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Rossiya yetakchisi esa bu zarbalarga tayyorlanmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Falastinni tan olish bo‘yicha avvalroq o‘tkazmoqchi bo‘lgan konferensesiyasi iyul oyining so‘nggida tashkil qilinishi aytildi.

Suriya o‘tish hukumati Prezidenti Ahmad ash-Shara 24 yil davomida butkul torayib qolgan Suriya diplomatiyasi uchun yana bir eshik ochdi. Uning navbatdagi tashrifi xalqaro maydonda kun sayin obro‘si ortib borayotgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev huzurida bo‘ldi.

Tugayotgan hafta ichida dunyonda ro‘y bergan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.

Makron rostdan ham Falastinni tan olmoqchimi?

Joriy yil may oyida Yevropaning ayni damdagi yetakchi mamlakati Fransiyada Falastin uchun xushxabar yangragandi. Emmanuel Makron Saudiya bilan birgalikda Falastinni davlat sifatida tan olmaydigan AQSHda uni xalqaro miqyosda tan olishini taminlaydigan konferensiya o‘tkazmoqchi edi. Konferensiya 17-20 iyun kunlari Saudiya Arabistoni va Fransiya boshchiligida BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida tashkil qilinishi kerak edi. 13 iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida qurolli mojaro avj olgani munosabati bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tadbir “logistika va xavfsizlik masalalari” tufayli qoldirilganini ma’lum qildi. Shunday qilib, iyun oyiga rejalashtirilgan bu siyosiy tadbir Isroilning Eronga hujumi fonida ortga surildi. 
Shunday bo‘lishiga qaramay, Yaqin Sharqdagi ko‘plab jarayonlarni o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan ushbu yuqori darajadagi xalqaro konferensiya BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida ikki haftadan so‘ng, 28-30 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi. Buni BMTnig rasmiy vakili e’lon qilganining o‘zi ham mazkur konferensiyadan qandaydir jiddiy natija kutsa bo‘lishi mumkinligiga ishoradir.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Falastinni tan olish konferensiyasi kechikkan kunlar davomida vaqtni behuda sarflagani yo‘q. U o‘z atrofida o‘ziga xos koalitsiya yig‘ishga harakat qildi. Dunyo yetakchilarini bu jarayonga qo‘shilishga chaqirib keldi. Jumladan, 8 iyul kuni Britaniya parlamentida Lordlar palatasi va Quyi palata a’zolari oldida qilgan chiqishida u Buyuk Britaniya hukumatini Falastin davlatini tan olishga chaqirdi.

Endi esa shu o‘rinda yana bir muhim jihatni qayd etish joiz. BMTga a’zo bo‘lgan 193 ta davlat ichida bugunga kelib, 148 mamlakat Falastinni tan olgan. 95 davlatda esa Falastin elchixonalari va doimiy vakolatxonalari mavjud. Isroilni tan olish darajasi esa Falastinnikida unchalik ham ko‘p emas. Yahudiy davlatini bugungi kunda 164 ta davlat tan oladi. Yaqin Sharq mintaqasining o‘zi, hatto yaqin qo‘shnilari ichida uni tan olmaydiganlar topiladi. Dunyoning aksar davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston ham juda chuqur yaralar hosil qilgan 80 yillik bu mojaroni hal qilishda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini ilgari suradi. Bu 1967 yilgi chegaralar doirasida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, Isroil bilan tinch-totuvlikda yashayotgan mustaqil Falastinni yaratish g‘oyasidir. Masalan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda o‘tkaziladigan har qanday xalqaro tadbirda aynan shu tamoyilni o‘rtaga tashlab keladi.

Pezeshkiyon bir o‘limdan qolgan

Isroilning Eronga qilgan hujumlari tafsilotlari, unda qanday vahshiyliklar va qotilliklar, suiqasdlarga urinishlar sodir bo‘lgani haqidagi ilgari ma’lum bo‘lmagan insaydlar asta-sekin ayon bo‘lmoqda. Masalan, yaqinda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon yaqinda dunyoning eng mashhur intervyular tashkil qiladigan jurnalisti Taker Karlsonga Isroil uni o‘ldirishga uringanini ma’lum qildi. Eron Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, suiqasdga urinish paytida u harbiy masalalar muhokama qilinayotgan yig‘ilishda ishtirok etayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda Isroil yig‘ilish o‘tayotgan hududga zarba berishga uringan.

Keyinchalik esa Pezeshkiyonning suiqasd haqidagi davosi haqiqatga yaqin ekaniga ishora qiluvchi xabarlar tarqala boshladi. Jumladan, “Fars News” agentligi Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroilning Tehronga bergan zarbalari oqibatida hatto yengil jarohat olganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Pezeshkiyon 16 iyun kuni Isroil tomonidan Tehronga qilingan zarba vaqtida oyoq sohasidan yengil jarohat olgan. Bu voqea Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashining yig‘ilishi chog‘ida sodir bo‘lgan. Xabarga ko‘ra, Isroil kuchlari binoning kirish va chiqish yo‘laklariga oltita bomba bilan zarba bergan. Oqibatda bino ichida elektr ta’minoti uzilgan, ammo amaldorlar favqulodda chiqish yo‘lagi orqali tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Agentlik xabariga ko‘ra, Tehron hozirda zarbaning juda aniq koordinatalar asosida amalga oshirilganini inobatga olib, “ichki josuslik bo‘lishi ehtimoli” yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Nashrning yozishicha, bu hujum 2024 yilning 27 sentyabrida Isroil tomonidan Livan poytaxti Bayrut yaqinida joylashgan “Hizbulloh” markaziy shtabiga uyushtirilgan hujum ssenariysi asosida ishlab chiqilgan. O‘sha hujumda tashkilot rahbari Hasan Nasrulloh halok bo‘lgan edi. Nasrullohni yo‘q qilish jarayonida ham juda nozik josuslik elementlari borligi yaqqol namoyon bo‘lgandi. Bundan kelib chiqadiki, Eronni yana o‘sha josuslik, sotqinlik va boshqa shunga o‘xshash jiddiy masalalardagi muammolar hali uzoq vaqt bezovta qiladi.

Tramp Putinni nishonga olishni boshladi

Putin so‘nggi qo‘ng‘iroqdan keyin Trampni qo‘ldan boy berdi. Uning qarshisida endi har safargi telefon suhbatidan so‘ng Ukrainani ayblaydigan, Putinni maqtaydigan va suhbat tafsilotlari juda yaxshi bo‘ldi deya bayonot beradigan Tramp emas, balki yaqin soatlar ichida Rossiyaga qaqshatqich sanksiyalar yoki boshqa jazo choralari qo‘llaydigan AQSH Prezidenti turibdi. 7 oy ichida tashkillashtirilgan 6 ta telefon suhbatlari befoyda ketdi. Vladimir Putin so‘nggi qo‘ng‘iroqdan keyin Trampning sabr-kosasini to‘ldirgani asta-sekin o‘z isbotini topmoqda. Tramp bu suhbatdan mamnun bo‘lmaganini aytganidan ko‘p o‘tmay, okean ortidan Moskvaga kelayotgan xavotirli signallar oqimi to‘xtamayapti. Masalan, ularning birinchisi ikkinchi muddati davomida ilk bor Tramp tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berish paketining ajratilishi haqidagi xabar bo‘ldi. Dastlab bu haqda birinchilardan bo‘lib “Reuters” agentligi xabar berdi. Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol-yarog‘lar Pentagon zaxiralaridan olinishi, Tramp ajratayotgan paket qiymati taxminan 300 million dollarni tashkil qilishi mumkinligi aytildi.
Bu ham yetmaganidek, AQSH Prezidenti Rossiya bilan neft bo‘yicha savdo qilayotgan davlatlarga, jumladan Xitoy, Hindiston va Turkiyaga nisbatan qattiq ikkilamchi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini o‘rganayotgani ma’lum qilindi. Bu avvalroq senatorlar o‘rtasida muhokama qilingan va katta qo‘llovga ega bo‘lgan Rossiya bilan savdo qiladigan davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik boj solig‘i kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasidir. Eng qizig‘i Putin bilan munosabatlar izdan chiqmagan dastlabki 6 oy davomida Tramp bu qonun loyihasini “haddan tashqari qattiq” deb atagandi. Endi bo‘lsa, u ushbu masalani “diqqat bilan ko‘rib chiqayotgani” aytilmoqda.

Moskva uchun xavotirli bo‘lgan uchinchi signal esa uning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yo‘naltirilishi haqidagi xabardir. CBS News o‘z manbalariga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishganidan beri ilk bor Ukrainaga yangi moliyaviy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. AQSHning sobiq rasmiylari Prezident taxminan 5 milliard dollarlik Rossiyaning AQSHdagi muzlatilgan aktivlarini musodara qilib, ushbu mablag‘ni Ukrainaga yo‘naltirishi mumkinligini ta’kidlagan. Xabar qilinishicha, ushbu yordamdan Rossiyaga ogohlantirish berish mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin. AQSH rasmiylariga ko‘ra, Tramp ixtiyorida yana avvalgi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan ajratilgan, lekin hali ishlatilmagan 3,85 milliard dollar mablag‘ ham mavjud.

Ammo eng muhimi bu xabar va taxminlar emas. Bilish va kuzatishga arzigulik eng asosiy masala bu 14 iyul kuni Trampning ko‘p masalalarni o‘zgartishi kutilayotgan bayonotidir. AQSH Prezidenti Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya bo‘yicha “muhim bayonot” bilan chiqishini e’lon qildi. Tramp intervyu davomida Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini aytib, yaqin haftalarda vaziyat qanday rivojlanishi bo‘yicha kuzatuv ketayotganini bildirgan. Biroq batafsil tafsilotlarni ochiqlamagan. Shuningdek, Tramp AQSH, NATO va Ukraina o‘rtasida erishilgan yangi qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha bitim tafsilotlarini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, AQSH qurolni NATOga yuboradi, alyans esa uni Ukrainaga uzatadi va to‘liq xarajatni qoplaydi. Bu bitim NATOning o‘tgan oygi sammitida tuzilgan.

Xullas, o‘yin qoidalari tez fursatlarda keskin o‘zgarishi mumkin. Tramp bundan buyog‘iga Putinni juda kuchli bosim ostiga g‘arq qilishi kutilmoqda. “The Telegraph” nashri esa Trampga bu ishni bajarishda Moliya vaziri Skott Bessent yordam beradi deya taxmin qilmoqda. Nashr Mask bilan mushtlashgan Bessentni Trampning “yashirin quroli” deb atagan. “The Telegraph” xabariga ko‘ra, Tramp Bessentdan Rossiya iqtisodiyotiga qarshi “maxfiy qurol” sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda. Bessent Trampning asosiy maslahatchisi bo‘lib, u go‘yoki Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “himoyasiz” qoldirishi mumkin, Tramp esa Rossiyaga nisbatan strategiyasini “yumshoqdan qattiqqa” o‘zgartirib boradi. Britaniya nashri Bessentni “inqilobiy va noan’anaviy strateg” deb atagan. U Xitoy bilan savdo urushi paytida Trampga qanday yordam bergani kabi Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishda muhim rol o‘ynashi mumkinligi kutilmoqda. 

Ash-Shara Aliyevdan nima olib qaytdi?

Suriya Arab Respublikasining muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara 12 iyul kuni amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasiga bordi. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.  Ahmad ash-Sharani Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Ayyubov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Fariz Rizoyev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. 12 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning o‘zi ham Suriya Arab Respublikasining o‘tish davri prezidenti Ahmad Ash-Shara bilan kengaytirilgan uchrashuv o‘tkazdi. Shara shu kunning o‘zidayoq Suriyaga qaytdi. Ammo u bir necha soat ichida Aliyevdan bugungi Suriya uchun muhim bo‘lgan 3 ta natija bilan ortga qaytdi. Bu Asad davrida buzilgan munosabatlarni yaxshilash, energetik resurs taminoti va Suriyani qayta tiklash bo‘yicha tajriba hamda hamkorlik kabi masalalardir.

Uchrashuvda tomonlar Suriya hozirda jiddiy muammolarni boshdan kechirayotgan energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, Ilhom Aliyev va Ahmad ash-Shara Suriyaga gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon gazini Turkiya orqali Suriyaga eksport qilish loyihasi yaqin kelajakda amalga oshiriladi. Shuningdek, muzokaralar davomida Ilhom Aliyev uzoq yillardan buyon Ozarbayjonga nisbatan nodo‘stona siyosat olib borgan Suriyadagi avvalgi hukumat davrida ikki tomonlama munosabatlarda turg‘unlik kuzatilganini eslagan. Uning ta’kidlashicha, Suriyada yangi hukumat o‘rnatilganidan keyin munosabatlarni rivojlantirish uchun katta istiqbollar ochilgan. Ahmad ash-Shara esa, avvalgi hukumat Suriyaning ko‘plab davlatlar, jumladan, Ozarbayjon bilan munosabatlariga putur yetkazganini afsus bilan qayd etgan.  Shunda tomonlar Ozarbayjonning bosqindan ozod qilingan hududlarda restavratsiya va qurilish ishlari bo‘yicha tajribasi Suriyadagi uzoq yillik to‘qnashuvlardan keyingi tiklanish jarayoniga hissa qo‘shishi mumkinligini ham aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Frantsiya Suriya Eron Vladimir Putin Donal'd Tramp Ozarbayjon Ilhom Aliev Emmanuel' Makron Falastin Isroil Mas'ud Pezeshkiyon Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing