Vokzaldan gapiramiz: yo‘lovchilar orasida koronavirus aniqlansa, qanday yo‘l tutiladi?

Bu qiziq

Dunyo miqyosida pandemiya darajasiga ko‘tarilgan koronavirus kasalligiga  chalinganlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Bu yuqumli kasallikning asosiy tarqalish o‘choqlaridan biri jamoat transportlari bo‘lishi mumkin. Jamiyat uchun ahamiyatli sanalmish bu joylar dezinfeksiyasi qanday amalga oshirilmoqda? Bu savolga javob olish uchun tahririyatimiz ijodiy guruhi poytaxt Toshkentdagi Shimoliy temir yo‘l vokzalida bo‘ldi.

Dastavval, bo‘shab qolgan kassalar hududiga kirdik. Mas’ullarning aytishicha, ushbu hududlar har 4 soatda bir marta dezinfeksiyasi qilinmoqda.

Vokzalning dezinfeksiya qilish bilan shug‘ullanayotgan guruh mudirasi Gulnora Odilova bilan suhbatlashdik. 

Poyezdda kasallik aniqlansa...

“Dezinfeksiya ishlari har kuni muntazam ravishda olib borilmoqda. Barcha poyezdlar kelishi bilan, vokzalning o‘zida har 4 soatda dezinfeksiya qilinmoqda. Poyezd yo‘lga chiqishidan oldin ham katta xajmda tozalab, keyin jo‘natyapmiz.  

Ikki kundan beri boshqa davlatlardan poyezdlar kiritilishi man etildi. O‘zbekiston fuqarolarining kirishiga esa to‘sqinlik yo‘q. Fuqarolar chegaradan kiritilayotganda, termometriyadan o‘tkazilmoqda. Xodimlarga maxsus termometrlar olib berilgan. Tobi qochgan yo‘lovchilar uchrasa, barcha epidemiologik chora-tadbirlar o‘tkazishga sharoitlar mavjud.

Respublika bo‘yicha virusolog, infeksionist va boshqa mutaxassislardan iborat maxsus guruhlar tashkil qilingan. Xodimlarimiz bilan har xil o‘quv kurslari o‘tkazilmoqda. Ularga koronavirus bilan kasallangan yo‘lovchilar aniqlansa, qanday harakatlarni amalga oshirish o‘rgatilgan. 

Agar koronavirusga chalingan yo‘lovchi uchrasa, birinchi navbatda vagon izolyatsiya qilinadi. Ikki tomon eshiklari yopiladi. Barcha yo‘lovchilarning shaxsiy ma’lumotlari olinadi. Bemor nazoratda olib kelinadi. Maxsus guruhlar tashkil qilingan. Ularga ma’lum qilamiz va ular kerakli choralarni ko‘rishadi. So‘ngra, klinikaga olib ketishadi”, deydi Sanitariya-nazorat punkti mudirasi. 

Mudiradan tashqari, dezinfeksiya guruhining boshqa xodimlariga ham mikrofon tutdik. Dezinfeksiya bilan shug‘ullanuvchi xodimlardan biri bu virus sabab vahimaga xojat yo‘qligini, ular bunga tayyor ekanini aytdi.  

“Har kuni tozalanyapti. Ko‘pchilik bo‘lib kuchliroq rejimga o‘tganmiz. Yurtdoshlarimizning sog‘lig‘ini o‘ylagan holatda tez-tez dezinfeksiya  qilish uchun chiqyapmiz. Biz bu holatga barcha tayyorgarchiliklarni qilib qo‘yganmiz. Hech qanday ko‘maksiz ham bir yil o‘zimiz ishlayveramiz. Bunga qarshi kurashga ham moddiy, ham jismonan kuchimiz yetadi”, deydi tibbiyot xodimlaridan biri. 

Dezinfeksiya ishlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bunda gidroxlorid kalsiy 0,5 % vositasidan foydalanilmoqda. Ushbu vosita inson solmatligiga mutlaqo zararsiz ekani aytildi.

Shimoliy temir yo‘l vokzaliga qilgan tashrifimiz davomida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlarini suhbatga tortdik. O‘simliklar karantini agronom-inspektori Jahongir Narziyev quyidagilarni ma’lum qildi:

“Bizning temir yo‘l vokzaliga asosan Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan yo‘lovchilar keladi. Temir yo‘l orqali kelgan yo‘lovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ularning qo‘l yuklari – sumkalari, o‘zi bilan olib kelayotgan mahsulotlari karantin tekshiruvidan o‘tkaziladi. Buyumlar ichida shubhali narsalar, o‘simliklar karantini uchun zararli organizmlar topilmasa, yo‘lovchilar yuklari bilan qo‘yib yuboriladi

Karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatida 950 xil mahsulot mavjud. Oziq-ovqat, ho‘l meva, quruq meva va boshqa narsalar o‘simliklar karantini ostida hisoblanadi”.

Tashrifimiz so‘ngida, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov ham holatga o‘zining tushuntirishini berdi. 

“Hozirgi kunda dezinfeksiyalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalari asosida o‘tkazilmoqda. Nafaqat bunda dezinfeksiyalash jarayoni, balki har bitta shaxs shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishi, odamlar ko‘p bo‘lgan jamoat transport joylarida niqoblarni taqib yurishini tavsiya etgan bo‘lar edim”, deydi u.

Mutasaddi tashkilotlardan jamoat transporti joylarini dezinfeksiyalash ishlariga doimo jiddiy yondashishini so‘rab qolamiz. Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyalarga rioya etishlari maqsadga muvofiq. Zero, bu butun jamiyat xavfsizligi uchun ham muhimdir.    

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virus bilan og‘rigan bemorlar 18 kishini tashkil qilmoqda. Mamlakatda 6 ming kishi karantinga olingan. 

Suratlar muallifi Jahongir Sotvoldiyev
 


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus Toshkent vokzali

Baholaganlar

119

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing