Video: Ahmadboydan jabrlanganlarga pullari qaytarib beriladi

Jamiyat

Ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni – 16) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha uchinchi ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu sud jaryonidan olingan video tarqaldi. Unda Ahmadjon Tursunboyev sudga murojaat qilgan holda faoliyatiga aloqador ayrim jihatlarni ochiqlashga uringan.

“Fuqarolardan olgan pullarni men ferma va chorva uchun ishlatganman, dehqonchilik qilganman. Yiliga 50 gektar, 60 gektar, 100 gektarlab kartoshka ekardim. Mol boqardim. Men mana shunday tirikchilik qilganman. Fuqarolarning pulini “oborot” qilganman, shuning hisobidan vaqtida pullarni qaytarib, joy-joyiga qo‘yib berganman. Shu sababdan odamlar ko‘payib ketgan. 

Men odamlarni aldab, qiziqtirmaganman. Ularning o‘zi bir-birini yetaklab, olib kelardi. Men qanday qilib firibgar bo‘laman? Firibgarlik qilib birovning pulini olib chiqib ketdimmi yoki chet davlatga olib ketdimmi? Topgan daromadimni faqat fuqarolarga to‘laganman. Qilgan foydamni, oyiga topgan 100-500 ming dollarni faqat fuqarolarga to‘laganman. 

Bittasi keladi va 10 ming dollar beradi, 10 oydan keyin u 20 ming dollar olyapti. 20 mingni keyin 40 ming, so‘ng uni 80 ming qilib olyapti. Tagini olib qaraganda, bir fuqaro 200-300 hatto 500 ming dollar foyda qilyapti-da, 20-30 ming dollarga ariza yozyapti. Men shuncha – 12 ming fuqaroga pul yetkazib bera olmayman. Menda pul ham yo‘q. 

Bu fuqarolardan 4-5 mingga yaqin odam biz tufayli foydaga kirib ketgan. O‘sha pullar qaytarilsa fuqarolarga pul yetadi. Agar men jinoyatchi bo‘lsam, fuqarolar kim unda? Fuqarolar menga pul berganmi, valyuta olib kelganmi? Ular menga pul berib, valyuta olib kelganmi? Valyutani asos qilib keltirib bera olmaydi-ku. Bizga daftarni bersin, hammasini asos qilib qo‘yib beramiz. 

Shuning uchun men xodimlardan ham, prokuratura vakillaridan, tergovchilardan, muhtaram sudyalardan yordam so‘rayapman. Mening ilojim yo‘q, bu vaziyatdan chiqa olmayman. Mening qurbim ham yetmaydi. Hazilakam pul emas bu. Bu 1 mln yoki 500 ming dollar emas, bu 40 mln dollardan oshiq pul. Qani u pullar?

Nega meni o‘sha yopgan paytda tergovchilar - mana sening pullaring, mana sening tillang, mana sening moling, deb asos qilib qo‘yib bermadi? Sababi meni olib borib qamagan. Men qayerdan u pulni yetkazib beraman? Pulning hammasi talon-toroj bo‘lib ketgan-ku. Menda kirim bo‘lgan, foyda qilganman, yaxshi daromad bo‘lgan, shuning hisobidan odam ko‘paygan. Agar ozgina daromad bo‘lmasa, uni torta ham olmaysiz”, deya ta’kidlab o‘tgan Ahmadboy sudga murojaatida.

Ushbu sud jarayonini ko‘rib chiqayotgan sudyaning ma’lum qilishicha, Ahmadboydan jabr ko‘rganlarga pullari qaytariladi.

“Apellyatsiya instansiyasi sudining yakuniy xulosasidan keyin, albatta, sud hukmi ijroga qaratiladi va Tursunboyev Ahmadjon hamda uning jinoiy sheriklari tomonidan olingan buyumlar sotuvga qo‘yiladi. Sud ijrosi organlari orqali mol-mulklar sotuvga qo‘yilib, sotuvdan tushgan mablag‘lar jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar hisobiga proporsional tarzda undirib beriladi” deb aytib o‘tdi sudya.

Ma’lumot uchun, 200 ga yaqin jabrlanuvchilarning arizalari yuzasidan tergov harakatlari tugallanib, mazmunan ko‘rish uchun sudga yuborilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev uning jinoiy sheriklari ustidan sud jarayoni yakunlanib, hukm e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Ahmadjon Tursunboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi a, b bandlariga asosan uzil-kesil 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shuningdek, Ahmadjon Tursunboyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 orqali 168 moddasining 3-qismi a, v bandlari bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil ahloq tuzatishlari jazosi tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ahmadjon Tursunboev Quyi Chirchiq tuman sudi

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing