“Vinisius qoidasi” amalda. Almiron tarixga kirdi
Sport
−
11:21 3962 2 daqiqa
Migel Almiron Turkiyaga qarshi o‘tkazilgan Jahon chempionati o‘yinida og‘zini berkitgan holda gapirgani uchun qizil kartochka olgan holda maydondan chetlatildi. Bu haqda “The Athletic” xabar berdi.
Hodisa bugun, 20 iyun kuni AQSHning Kaliforniya shtati, Santa-Klara shahrida bo‘lib o‘tgan “D” guruhi o‘yinining birinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan daqiqalarda sodir bo‘ldi. VAR tekshiruvidan so‘ng, hakam Ivan Arsides Barton Sisneros Almironni maydondan chetlatish haqida qaror chiqardi.
Ma’lum qilinishicha, Isidro Pitti bilan qoidabuzarlikdan keyin o‘yin to‘xtatilgan. Futbolchilar yon chiziq yaqinida to‘planganda, Almiron og‘zini qo‘li bilan yopgan holda Mert Myuldyurga bir nima degan. Shundan so‘ng, Myuldyur yordamchi hakam tomon yugurib, holatga e’tibor qaratgan.
Ushbu qizil kartochka Almironning 3-turda bo‘ladigan Paragvayning Avstraliyaga qarshi guruh o‘yinini o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, FIFA intizom qo‘mitasi qo‘shimcha jazo qo‘llashi ham mumkin.
Qayd etilishicha, Almironning maydondan chetlatilishi IFAB tomonidan joriy yilning aprel oyida kiritilgan yangi qoida bo‘yicha birinchi holat bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishga ko‘ra, o‘yin vaqtida og‘izni berkitish va haqoratli yoki diskriminatsion so‘zlar aytish holatlari qizil kartochka bilan jazolanadi.
Almiron tomonidan haqoratli so‘zlar aytilgani haqida hozircha rasmiy tasdiq yo‘q.
Ma’lumot uchun, ushbu bahsda Turkiya terma jamoasi bir kishi ko‘p bo‘lishiga qaramay 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.
Live
Barchasi