Videosi tarqalgan deputat ayol nimadan norozi?
Intervyu
−
18 noyabr 2021
81893Joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Jo‘rabekovna Babasheva va shaxsi noma’lum bo‘lgan bir erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqalgandi.
Video tarqalishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari deputatning shaxsiy hayotiga daxldor videoning tarqatilishi, uning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.
QALAMPIR.UZ bugun, 18 noyabr kuni Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashining odob-ahloq komissiya deputat bilan bog‘liq holatni muhokama qilishi haqidagi xabarga asoslanib, O‘rtachirchiq tumaniga yetib bordi.
Ijodiy jamoa 15:50 da hokimiyatga yetib kelganida, “Majlis o‘tkazilishi hali aniq emas”, degan javob berildi. Oradan biroz o‘tib, soat 16:15 da deputat 15 daqiqa kechikkani sababli majlis tarqatib yuborilgani haqida aytishdi. Deputat Feruza Babasheva kelishi bilan undan nega kech qolganini so‘raganimizda, u 20 daqiqadan beri shu yerda ekanini ma’lum qildi.
“Men 20 daqiqadan beri bino hovlisida turgan edim. Meni hech kim chaqirgani, hattoki telefon ham qilgani yo‘q. Biz hokimlarni "Majlis boshlansin", deb soatlab kutib o‘tiramiz. Nima uchun meni "15 daqiqa kechikdi", deb majlis to‘xtatilishi kerak. 9 noyabr’ kuni prokuror taqdimnoma kiritdi. Lekin hali ham asosini ololmadik. Prokuror taqdimnomasi 9 noyabrda yozilgan. Lekin bizning kengashga 10 noyabr’ kuni kirib kelgan. Shu kunning o‘zidayoq ya’ni bir kunda qaror chiqyapti va qarorda mening masalamni qo‘yib yuborishyapti. 10 noyabrda ham prokurorning taqdimnomasi kelyapti, ham hokimning qarori chiqyapti. O‘zi aslida, qonunan bu ish doimiy komissiyaga o‘tkazilishi kerak edi. Doimiy komissiya meni chaqirib, o‘zlari hujjat bilan tanishtirib, qo‘limga berib, ko‘rsatilgan vajlarga tayyorlanib kelishim uchun kamida bir hafta muddat berishi kerak edi”, deydi Feruza Babasheva.
Uning ta’kidlashicha, hozir u O‘rtachirchiq tuman prokuroriga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada chiqarilgan taqdimnomaning asosi so‘ralgan. Prokuratura deputatning uyiga yozma javob yo‘llashini ma’lum qilgan.
“Ular 11 noyabr kuni, soat 10:00 da meni hech qanday taqdimnoma bilan tanishtirmay, hech qanday asossiz sessiya o‘tkazib yubormoqchi edi. Men u yerda ”Sessiyaning asosi, xabarnomasi, kun tartibi, qarorlar berilmadi”, deb to‘polon qilganimdan keyin, ular bu narsani 16 noyabrga surishdi. Keyin “Doimiy komissiyaning yig‘ilishi o‘tkazilmasdan turib, qanaqasiga hokimning qarori chiqadi?”, degan savol berganimdan keyin, darrov doimiy komissiyani o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. “Doimiy komissiyadan bir hafta oldin men materiallar bilan tanishgan, o‘zimning asoslarimni olib kelgan bo‘lishim kerak”, deganimdan keyin, bu ish bir hafta keyinga qoldirildi. O‘sha kuni “Taxminan soat 16:00 larda o‘tkazamiz-da”, degan javob bo‘lgan. Meni bir haftadan beri hech kim “soat 16:00 da bo‘ladi”, deb ogohlantirgani yo‘q. Hattoki kotibiyat mudiri biron marta telefon qilib chaqirgani ham yo‘q. Men, demak, vaqt o‘zgartirilmadi shekilli, deb shu vaqtga kelaverdim. Lekin “O‘tkazib yuborildi”, deyildi. Men hokimiyatda bironta majlis o‘z vaqtida boshlanganini hech eslay olmayman”, deya e’tiroz bildirdi deputat ayol.
Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi. Majlis qachon yig‘ildiyu qachon tarqatib yuborildi? Ushbu tushunarsiz holatga Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi mudiri Baxtiyor Bahovuddinovdan izoh so‘radik.
“Jo‘rabekovna “Men bu masalaga tayyor bo‘lmaganligim uchun menga bir hafta vaqt berishingizni so‘rayman”, degandi. Bu ish bo‘yicha doimiy komissiyaning qarori taqdim qilinib, bir hafta muhlat berilgan edi. Doimiy komissiyaning reglamenti bo‘yicha 26-moddada deputatlik odobi bo‘yicha komissiya xohlagan vaqtda o‘zlari rejalashtirib yig‘ilishi va bandda ko‘rsatilgandek majlisni yopiq o‘tkazish vakolatiga ega. Yopiq o‘tkazilgani yoki u joyda qilingan vazifalarning hammasi bizda o‘rnatilgan qonun va qarorlar asosida bo‘ladi. Bu qilingan ishlarning hammasi o‘rnatilgan tartiblar asosida o‘tkazildi va materiallar sessiyaga tayyorlanmoqda”, deydi kengash mudiri.
Shu o‘rinda Baxtiyor Bahovuddinovdan majlis haqiqatdan ham o‘tkazilgani qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi borasida so‘raganimizda, u shunday dedi:
“Bugungi majlis bo‘lmadi. Bo‘lmaydi. Bu narsa bugunga rejalashtirilmagan edi. Ya’ni bu majlis bir necha kun oldin ham aytilmaydi. Yopiq tarzda o‘tkazildi, qaror qabul qilindi va sessiyaga taqdim qilinadi. 22 noyabr kuni o‘tkaziladigan sessiyada bu narsa bo‘ladi”.
Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi mudiri qaror qabul qilingan bo‘lsa, deputat Feruza Babashevaning o‘zi uning mazmuni bilan qachon tanishishi haqidagi savolga ham javob berib o‘tdi.
“Doimiy komissiya bu narsani 4 nafar deputat ishtirokida ko‘rib chiqadi. Bu masalani ular o‘z ichida sessiyaga chiqarish yoki chiqarmaslik masalasini ko‘radi” deydi Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi mudiri.
Alohida qayd etish kerakki, deputat Feruza Babasheva atrofidagi vaziyat jamoatchilik diqqat markazida turgan va nomaqbul videoning tarqalishi norozilikka sabab bo‘layotgan bir vaziyatda odob komissiyasi majlisining o‘tkazish bilan bog‘liq holat kishini shubhaga soladi. Dastlab, komissiya majlisi o‘tkazilishi haqida xabar berilishi, keyin esa majlis deputat sabab tarqatib yuborilganini ma’lum qilib, yakunda bu yig‘ilish bugunga belgilanmaganini aytish Feruza Babasheva atrofidagi voqealarga shubha bilan qarash o‘rinli ekaniga ishora qiladi.
LiveBarchasi