O‘zbekistonda fuqarolikka qabul qilishning turlari belgilanadi

Jamiyat

image

Kecha, 27 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar davlat va jamiyat qurilishining muhim sohalari, fuqarolarning qonuniy manfaatlariga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Yig‘ilishida dastlab, yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Deputatlar tomonidan ta’kidlab o‘tilganidek, loyihani qabul qilish orqali Hukumatning investitsiya, ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, tashqi siyosiy faoliyat, axborot texnologiyalari, mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanadi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘ziga biriktirilgan aniq soha va tarmoqlar uchun javobgarligi hamda ularni baholash mezonlari tartibga solinmoqda. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda fraksiya deputatlari loyihani maromiga yetkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta’minlashga qaratilgan qator takliflari inobatga olingani alohida aytib o‘tildi. Ushbu takliflar mamlakatda so‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda xamda Hukumat faoliyatining o‘ziga xos jihatlaridan shakillantirildi.

Ta’kidlanganidek, fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasida o‘z aksini topgan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi sifatidagi huquqiy maqomi va hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlarini belgilash, Rayosat majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar, Hukumat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish tartibi hamda boshqa qator normalarni maromiga yetkazishda ham ko‘plab takliflari inobatga olingan.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari liberallashtirish, bolalarning fuqarolik sohasidagi huquqlarini mustahkamlash va fuqarolik masalalari bo‘yicha turli nizolarning oldini olishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi қонун loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun O‘zbekistonda 33 milliondan ortiq fuqaro, shuningdek, 95 ming 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda 14 ming 365 nafar chet el fuqarosi doimiy istiqomat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida jami 8 ming 249 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.

Deputatlar tomonidan e’tirof etilganidek, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun 27 yil avval qabul qilingan bo‘lib, ma’nan eskirgan hamda bugungi kunda mamlakatmizda amalga oshirilayotgan keng qo‘lamli islohotlar talablariga javob bermaydi. Shu maqsadda loyihani qabul qilish orqali mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etiladi hamda mazkur sohadagi mavjud qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar ijobiy yechimini topadi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida “yashash guvohnomasi”, “tekshiruv varaqasi”, “xorijiy davlat fuqarosi”, “fuqaroligi bo‘lmagan shaxs” va boshqa shu kabi asosiy tushunchalarga sharh berilmoqda va yagona fuqarolik, teng huquqlilik, fuqarosizlikni qisqartirish va ochiqlik kabi prinsiplar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishning turlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ayniqsa, tug‘ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan bolalarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tartibi belgilanib, mamlakat fuqaroligiga qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilish bo‘yicha talablar mustahkamlanmoqda.

Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalari bo‘yicha deputatlarning taklif va munosabatlari bildirildi hamda fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston fuqarolik fraktsiya

Baholaganlar

28

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing