Koronavirus: qurbonlar soni 4299 nafarga yetdi. Virus Turkiyaga ham kirdi

Olam

image

Bugun, 11 mart holatiga dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 119 214 nafarga yetdi. Shundan 66 621 nafar bemor virusdan davolanib, uyiga javob berilgan.

Koronavirusga chalinib, undan halok bo‘lganlar soni 4299 nafarga yetdi. Ayni vaqtda virus faol bo‘lib turgan 48 295 nafar bemor mavjud. Ularning 5747 nafari yoki 12 foizi og‘ir ahvolda.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Xitoyda o‘nglana boshladi. Kunlik bemorlar soni ortishi ham sezilarli kamaygan. Ammo Janubiy Koreya, Italiya va Eronda vaziyat jiddiy. Italiyada barcha tadbirlar bekor qilinib, maktablar yopib qo‘yildi. Zarurat bo‘lmaganda odamlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishi ham cheklandi.

Italiyada virusga chalinganlar soni 10 149 nafarga yetib, ularning 631 nafari vafot etgan. Eronda 8042 kishi virusga chalingan va ularning 291 nafari halok bo‘lgan. Janubiy Koreyada esa 7755 kishida koronavirus aniqlangan va 61 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Koronavirus Osiyoning yana bir aholi ko‘p va millionlab sayyohlar tashrif buyuruvchi davlati – Turkiyada ham aniqlandi. Bu haqda Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja ma’lum qildi.

Virus aniqlangan odam Turkiya fuqarosi. U yaqinda Yevropada bo‘lib qaytgan. U karantinga olingan. Bemorning ahvoli qoniqarli ekani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, uning oila a’zolari va u bilan yaqin aloqada bo‘lganlar ham karantinga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya koronavirus

Baholaganlar

393

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing