“Bosar-tusarini bilmagan deputat” mojarosi davom etadi: yangi qartalar ochilyaptimi?
Tahlil
−
20 aprel 2020
39910Bir necha kundan beri Namangan shahridagi “bosar-tusarini bilmagan deputat” mojarosi jamoatchilik muhokamasi diqqat markazida turibdi. QALAMPIR.UZ IIV Axborot xizmati tomonidan chiqarilgan video yuzasidan bir qancha savollarni o‘rtaga tashladi. Ammo idora mas’ullari tomonidan ushbu savollarga javob qaytarilgani yo‘q. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirmoqda. Endilikda ikkinchi taraf, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va voqeaga guvoh bo‘lganlar mazkur holat yuzasidan o‘zlarining versiyalarini ayta boshladi.
Tolib Muhammadiyevga ko‘ra, u 15 aprel kuni qo‘l ostida ishlaydigan ishchilariga karantin vaqtida och qolmasin deya pul tarqatishni boshlagan. Unga ishchilarning uy manzillarini biladigan ukasi Ayubxon Muhammadiyev hamroh bo‘lgan. Ular Namangan shahridagi ishchilariga mablag‘ tarqatgach, Yangiqo‘rg‘on tumani Qorapolvon qishlog‘ida yashovchi “Husanboy” ismli xodimining uyiga ham pul berish uchun borgan. Shahardan chiqishda ularni hech kim to‘xtatmagan. Qaytishda, Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida IIB xodimi Ilhom Abdurahmonov uni to‘xtatgan.
Deputat xodimga o‘zining deputatlik guvohnomasini ko‘rsatgan. Abdurahmonov deputatga hozirda karantin tartib-qoidalari o‘rnatilgani, shaxsiy avtomashinada harakatlanish mumkin emasligini tushuntirgan. U esa ezgulik yo‘lida bunga majbur bo‘lgani, shaxsiy daxlsizlik huquqi ham mavjudligini aytgan. Shunda Abdurahmonov unday bo‘lsa, holat haqida boshliqlariga xabar qilishi kerakligi, ular ruxsat bersa, deputatni o‘tkazib yuborishi mumkinligini aytgan.
Shundan so‘ng, Abdurahmonov aloqa vositasi orqali kim bilandir gaplashgan. Haydovchiga ketishi mumkinligi, biroq uning yonidagi yo‘lovchi Ayubxon Muhammadiyevni shu yerda tushirib qoldirishi kerakligini aytgan. Shunda deputat yo‘lovchi ukasi ekani, xayriya qilinayotgan ishchilarning uylarini faqat u bilishi, shu sababli uni o‘ziga hamroh qilib olishga majbur bo‘lganini tushuntirgan.
Shunda IIB xodimi Abdurahmonov deputatga 20 yillik yuristlik mehnat staji mavjudligi, qonun-qoidani yaxshi bilishini tushuntirgan. Deputat ham o‘z navbatida ukasiga chora ko‘rsa, unga kafil bo‘lib, o‘zi bilan olib ketish vakolati borligini bildirgan. Shunda Abdurahmonov deputatga ketishi mumkinligini aytgan.
Ishga ikkinchi IIB xodimining aralashuvi janjalni yuzaga keltirib chiqarganmi?
Hech qancha vaqt o‘tmay, boshqa bir IIB inspektori Husanboy Ziyovuddinov kelib, deputatga qaytadan hujjatlarini ko‘rsatishini talab qilgan. U hozirgina Abdurahmonovga barchasini tushuntirganini aytgan. Ziyovuddinov esa unga ham hujjatlarni ko‘rsatishga majbur ekanini aytib, javob qaytargan. Deputat rozi bo‘lmasdan mashinasida harakatlanmoqchi bo‘lganda, inspektorlar uni mashinadan majburlab tushirgan. Shunda deputat vaziyatni to‘liq kameraga muhrlashi uchun ukasiga “E-50” rusumli qo‘l telefonini bergan. Mashinadan tushishi bilan Ziyovuddinov yana hujjatlarni so‘ragan. Bu vaqtda unga qarama-qarshi tarafdan Abdurahmonov holatni kameraga olishni boshlagan. Yon tarafda qurollangan harbiy xizmatchi turgan. Deputatning ukasi ham tortishuvni telefon kamerasiga olmoqchi bo‘lgan. Shunda harbiy xizmatchi unga yaqinlashib, qo‘l telefonini tortib olgan.
Orada tortishuv kuchaygan. IIB xodimlari ularni kameraga olish mumkinmasligini aytgan. Shunda deputat ham xolislik buzilayotganiga jahl qilib, ularga ishonmasligini aytib, ular ham videotasvirga olmasligi kerakligini vaj qilgan. Deputat ham xodimning telefonini olib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda Abdurahmonovning qo‘l telefoni yerga tushib, shikastlangan. Deputat telefon shikastlangan bo‘lsa, o‘rniga yangisini olib berishini aytgan. Deputat Muhammadiyev o‘tgan safargi IIV lavhasidagi “kambag‘al bola emasman, pulim o‘zimga yetarli” degan gaplarni aynan mazkur holatda aytgani, biroq montaj jarayonida lavha IIB manfaati yo‘lida boshqacha tayyorlanganini aytdi.
Shu vaqtda Abdrurahmonov navbatchiga qarata “tezkor guruh xodimlarini chaqir” deya buyruq bergan. Janjal yanada kattalashgan, uni IIB xodimlari har yerga torta boshlagan. Orada o‘zini “terrorizmga qarshi kurash bo‘limidanman” deb tanishtirgan xodim uning yuz qismiga musht bilan urgan. Shunda deputat nega uni urishgani, bu uchun albatta ular javobgarlikka tortilishini aytgan (ushbu tasvir IIV lavhasiga ham tushib qolgandi).
“Shu vaqt odam to‘planib ketdi. IIB xodimlari ularni tarqalishini so‘radi. Keyin tezkor tungi guruh xodimlari yetib kelishdi. Avtobusda 7 yoki 8 nafar IIB xodimlari bor edi. Ular men va ukamning yaqiniga kelishdi. Vaziyatni to‘liq tushuntirib ulgurmay, ular ikkalamizning ham qo‘llarimizni orqaga qayirib, avtobusning ichiga tiqishdi. Avtobusda bizga tazyiq o‘tkazishdi. Qorin qismimizga bir necha marta urishdi. Keyinroq prokuratura xodimlari yetib keldi”, deydi deputat.
O‘sha kuni deputat IIB xodimlariga ular ish vaqtida spirtli ichimlik ichgani va shu sababli shu voqealar yuzaga kelganini aytgan. Lekin ular deputatning o‘zini spirtli ichimlik ichganlikda ayblab, ekspertiza markaziga olib borgan. Yuqoridagi barcha gaplar deputat Tolib Muhammadiyevning voqea yuzasidan aytgan varianti hisoblanadi.
Deputatning ukasi Ayubxon Muhammadiyevga ko‘ra, uning akasi IIB xodimining pogoniga ham, ko‘krak nishoniga ham tegmagan. Chunki, o‘sha kuni xodim ustidan yog‘ingarchilikdan himoya qiladigan uzun plashini kiygan bo‘lgan. Pogon va ko‘krak nishoni ham plashning ichida bo‘lgan.
Plastinkaning teskari aylanishi
Joriy yilning 17 aprel kuni ayrim OAVlarda deputatga nisbatan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotgani aytilgandi. Ammo keyinroq vaziyat butkul o‘zgarib ketdi.
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
16 aprel kuni Namangan shahar prokurori Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritib, deputat T.Muhammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik so‘ragan. Taqdimnoma shu kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashida ko‘rib chiqilib, deputat T.Muhammadiyevni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish masalasi rad etilib, uni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan.
Joriy yilning 19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan yig‘ilishida Kengashning 16 apreldagi qarori va shahar prokurorining T.Muhamadaliyevga oid taqdimnomasi ko‘rib chiqilgan. Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining yangi qarori bilan Kengashning 16 apreldagi qarori bekor qilingan.
Shuningdek, shahar prokurorining T.Muhamadaliyevni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb etish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga rozilik berish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ham rad etilgan.
Bundan tashqari, Kengash qarori bilan Namangan shahar prokurori B.Yo‘ldoshevga uch kun muddat ichida shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I.I.Abdurahmonov, IIB YHXB ispektori X.I.Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Shu bilan birga, Kengash o‘z bayonotida videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmagani, video tayyorlanishida esa xolislikka e’tibor qaratilmaganini aytgan.
Video masalasidan Namangan viloyat Axborot xizmatiga bog‘langanimizda, ular mazkur videoni aynan vazirlik matbuot xodimlari tayyorlaganini aytdi.
Adolat o‘rnatiladimi?
Bu masalada endi nima bo‘ladi degan savol jamoatchilikni qiynayapti. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov chiqib, jamoasi bilan masalani alohida o‘rganib, unga huquqiy baho bersa yaxshi bo‘lardi. Har holda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish bo‘yicha choralarni amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi. Axir yaqindagina Soliq qo‘mitasi bilan bog‘liq mojaroda ham vazirlik minbarga chiqib, vaziyatga huquqiy baho berdi-ku!
Shundan so‘ng, barcha o‘z qilgan qilmishiga yarasha javobini olishi osonlashardi. Deputat ham, IIB xodimlari ham, lavhani xolis tayyorlamagan IIV Axborot xizmati-yu, o‘sha yerda qatnashgan boshqa tashkilot xodimlari ham. Bu eng adolatli qaror bo‘lardi.
Aytgancha, bu yerda Namangan shahar prokurori B.Yo‘ldoshevga uch kun muddat ichida shahar IIOV FMB-sonli profilaktika katta inspektori I.I.Abdurahmonov, IIB YHXB ispektori X.I.Ziyoviddinov va voqeada ishtirok etgan boshqa xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish va belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish vazifasi yuklatilganini ham unutmaslik kerak.
Yoki bo‘lmasa, hamma mas’ullar vaqt o‘tib, mavzu jamoatchilik muhokamasidan uzoqlashib, ularning xotirasidan ko‘tarilishini kutadi. Shunda hammasi bitta “qo‘ng‘iroq” yoki tushuntirish bilan xamirdan qil sug‘urgandek bitishi ham mumkin. Ammo bunday holatda adolat “yig‘laydi” xolos. Nima bo‘lsa ham hammasini vaqt ko‘rsatadi.
LiveBarchasi