“Endi eksportga chiqqanimizda bizni ko‘chirishmoqchi”. Yakkasaroy kichik sanoat zonasi tadbirkorlari arosatda qolmoqda

Jamiyat

“Tadbirkor bo‘lganimdan, mol boqqanim yaxshi” – Quyichirchiqda Oliy sud qarorining kuchi yo‘q north_east

“Tadbirkor bo‘lganimdan, mol boqqanim yaxshi” – Quyichirchiqda Oliy sud qarorining kuchi yo‘q

2020 yil yanvar oyida Toshkent shahar hokimligi va Yakkasaroy tuman hokimligi vakillari tomonidan yakkasaroy kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlarga bu hududdan ko‘chirilishi aytildi. Majlis tadbirkorlar va hokimiyat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan. Majlisda savollarga yetarli javob olmadik deya hisoblagan tadbirkorlar QALAMPIR.UZ tahririyatiga murojaat yo‘lladi. Muammo ortidan poytaxtimizdagi Yakkasaroy kichik sanoat zonasi (xalq tilida Yakkasaroy texnoparki)da bo‘ldik. 

Dastavval, “Umid” jamg‘armasi yordami bilan xorijda tahsil olib kelgan va ayni vaqtda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ikki tadbirkor bilan suhbatlashdik. 

“Tadbirkorlikni Qozog‘istonga ko‘chirmoqchimiz”

Nurmat Xudanov, “Green Code Lazer” MCHJ asoschisi
— Yakkasaroy kichik sanoat zonasi tashkil etilgan vaqt – 2014 yildan beri faoliyat yuritib kelamiz. Loyihamiz yaxshi tashkil etilgani, yaratilgan sharoitlar natijasi o‘laroq, 2016 yilda yana bir ishlab chiqarish tashkil qildik. Raqamli uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. 3D printerlar, lazer dastgohlar kabi yuqori texnologik uskunalarni ishlab chiqarishni boshladik. Innovatsiya vazirligi qoshidagi Yashnobod texnoparkining rezidentiga aylandik. Lekin Yakkasaroy kichik sanoat zonasining ko‘chirilishi haqidagi gap bizga juda qattiq ta’sir qildi. Chunki, biz davlatga, shahar hokimiyatiga, ijara markazi bilan tuzgan 10 yillik shartnomamizga ishonib, katta investitsiyaviy ishlarni bajardik. Mablag‘lar tikildi, ishlab chiqarishlar tashkil etildi. 

Ko‘chirish ishlari bizga ta’sir qilmay qolmaydi. Bu yerga hamma kommunikatsiyalar, elektr, suv olib keldik. Endi oyoqqa turdik degan paytda ko‘chirilish, ya’ni bu yerni buzib tashlashlari adolatsizlik bo‘ladi. Sergelidan joy berilib, kadastrlar qilinishi aytilyapti. Bular qanchalik haqiqat? 

Lekin bir marta buzilgan shartnoma ikkinchi marta buzilishiga ham hech kim kafolat bermaydi. Biz bu gaplardan keyin tadbirkorligimizni Qozog‘istonga ko‘chirish variantini ham o‘ylab ko‘rdik. Qozog‘istonliklar Chimkentdagi barcha kommunikatsiyalari bor texnoparkni taklif etishdi. 

O‘zim “Umid” jamg‘armasi bitiruvchisiman. Xorijdan ko‘p mutaxassislarni qaytarish masalasida harakatlar bo‘lmoqda. Lekin xorijdagi mutaxassislarimiz avval ichki holatni o‘rganadi. Agar investor va tadbirkorlarga bunday munosabatni ko‘rsa, ularning fikri o‘zgarishi aniq. 

Shaxsan davlat rahbarining aytganlari sabab to‘liq ishondik

Jo‘rabek Sultanov, “Green Code Lazer” MCHJ direktori
—  Biz bu yerda 2014 yildan beri faoliyat yuritamiz. Davlatimiz rahbari o‘shanda  bu joylarni Toshkent shahrida eksperiment shaklida xarob, qarovsiz yotgan joylarda ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun investitsiya shartlari bilan berish haqida aytgan gaplarini eshitib kelganmiz. 10 yil muddatga ijaraga berildi. Shartnoma va shaxsan davlat rahbarining aytganlari sabab to‘liq ishondik. Loyihani boshladik. 

Qo‘rqmasdan aytaman, respublika eksporti uchun tovarlar tayyorlashning 30 foizida ishtirok etamiz. Ish boshlanishi haqiqatan omadli bo‘ldi. Ishni kengaytirishga qaror qildik. Hozirda texnopark o‘rnida boshqa majmua qurilishi sababli ijara shartnomalari bekor qilinishi aytilyapti. Qayta ishni boshlash 1-2 kunda bo‘ladigan ish emas. Shuningdek, bu mijozlarni yo‘qotish hamdir. Uchinchidan, vaqt masalasi bor. To‘rtinchidan, Yakkasaroy tuman hokimi tomonidan noaniq va’dalar berilmoqda. Bu gap bir yildan beri yurgani uchun kayfiyatga ta’sir qilmoqda. Tadbirkorlardagi shijoat ancha susayib qoldi. 

Ikki “umidchi”dan so‘ng, Turkiya andozasida poyabzallar ishlab chiqaruvchi tadbirkor tashvishlariga quloq tutdik. 

Arosatda bo‘lib turibmiz

Aziz Aliyev, “Luis Fabiani” MCHJ rahbari
— 2014 yilda joy ajratildi. Holati bir ahvoldaligi sabab 45 ming dollarga ta’mirladik. Kommunikatsiyalar ishlarini o‘zimiz qilganmiz. Shunga ham bir yil vaqt ketgan. 2015 yil ish boshlaganmiz. Biz hozirda erkaklar poyabzalini ishlab chiqaramiz. Kelajakda ayollar va bolalar poyabzalini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Endi yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lib turganimizda, shunaqa ishlar bo‘lib turibdi-da. Ishlayapmiz, buyurtmalar bor, tojikistonliklar qiziqyapti, Qozog‘istonga eksportni boshlaganmiz.  

Tadbirkorga tinchlik bo‘lsa, shu yetadi. Bizning tovarlar import o‘rnini bosuvchi va eksportbop bo‘lib, tashqaridan qiziqish katta. Asosiy masalamiz – joy. Sarsongarchilik ko‘p bo‘lmoqda. Hali bizga joy beradimi, bermaydimi bir gap yo‘q. Biz “zakaz” olaylikmi yoki olmaylikmi? Arosatda bo‘lib turibmiz. Ishchilarimizni ham yo‘qotmasligimiz kerak. Ularni Turkiyada o‘qitib kelganmiz. Tadbirkorga munosabat ham shunday bo‘ladimi?

Sanoat zonasida eksportni yo‘lga qo‘ygan korxonalar ko‘p ekan. Shundaylardan yana biri Rossiya va Belorusiya tekstil mahsulotlari bilan ta’minlovchi korxona egalari bilan suhbatlashdik. Eksportga davlat keng imkoniyat bergan desak, dardlari bisyor ekan...  

Qo‘limizdagi tayyor narsani nimaga buzamiz? 

Yelena Osipova, “O’ZlMIZNIKI” MCHJ 
— 2014-2015 yillarda bu hudud bo‘sh yotgan joy edi. 2014 yil kelganimizda bu joyda ishlab chiqarish qilishga cho‘chiganmiz. Juda harob holda edi. 2015 yilda shartnoma imzoladik. Bizga “10 yil ichida tegmaymiz, ijara puli ko‘tarilmaydi” degan va’dalar berishdi. 

Investitsiya majburiyatlarini bajardik: 80 nafar ish o‘rni, ma’lum miqdorda pul tikish. 2017 yili 130 nafar ish o‘rniga ega bo‘ldik. Eksportga chiqish oson bo‘lmadi. 2018 yili reputatsiyamiz ko‘tarilishni boshladi. 2019 yili 3 ta eksport shartnomasi imzoladik. Beloruslar bilan bitta shartnoma, ruslar bilan ikkita shartnoma imzolandi. Bizda faqat milliy xom ashyodan tikilgan mahsulotlar va biz bundan faxrlanamiz. 

Eksportni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. 2019 yili 25 milliard so‘m tovar aylanmasiga erishdik. Bundan 200 ming AQSH dollari eksportdan tushgan pullardir. Kelayotgan yil uchun 2 million dollarga shartnoma imzolaganmiz. 

O‘tgan yildan beri ko‘chish haqida gaplar yuribdi. Bu tadbirkorlarga salbiy ta’sir qildi. Ayni vaqtda bizda 50 kishi ishlamoqda. Biz jon deb 200 kishi ishlata olamiz, biroq bu holatda ishga qabul qila olmaymiz. Majlis bo‘lganda, bir masala ko‘tarildi. Bizda viloyatdan kelganlar ishlayotganini pesh qilishmoqda. Nima ular odam emasmi? Bu normal holat, bu doim bo‘lib kelgan. 

Ko‘chsak bizga qanday imkoniyatlar berishadi, kompensatsiya nima bo‘ladi? Birorta tuzukroq javob ololmadik. Tushunmaganim shuki, qo‘limizdagi tayyor narsani nimaga buzamiz? 

Zonaga ishlab chiqarish uskunalarini o‘rnatish ancha vaqt va mablag‘ talab qilgan, hozir esa boshini qayoqqa urishni bilmay turganlar ham bor. 

Endi o‘z holiga kelib, daromad qilaman degan vaqtda buzishni aytishmoqda

Kamola Ayyupova, Paper and Plast Product MCHJ
— 2015 yilda bizga ushbu texnopark hududidan taklif tushdi. Shu joyga kelib dastgohlaringizni o‘rnatinglar, deb qo‘limizga 10 yillik shartnoma berildi. Investitsiya majburiyatlari bilan joy berildi. Biz Xitoydan 400 ming AQSH dollariga kredit asosida shu dastgohlarni olib keldik. Xitoyliklar kelib, dastgohlarni o‘rnatib berishdi. 1-2 yil vaqtimiz ularni o‘rnatib, ishga tushirishga ketdi. Bu joylar juda ko‘rimsiz bo‘lgan. Ishlab chiqarishni qurish oson bo‘lmadi. Katta-katta hovuzlar qurganmiz. 

Hozirgi kunga kelib hokimiyatdagilar joylarni buzilishini aytishmoqda. Biz sarosimaga tushib qoldik. Korxonamizni buzish, montaj va demontaj ishlariga juda katta mablag‘ ketadi. Endi o‘z holiga kelib, daromad qilaman degan vaqtda buzishni aytishmoqda. Buni buzib qayta o‘rnatishni biladigan kadrlar yo‘q. Biz xitoyliklarni taklif qilishimiz kerak. Bu orada mijozlarimizni yo‘qotamiz. Bizda 40dan ziyod ishchi o‘rni bor. Ularni shu sohaga o‘qitganmiz. 

Masalaning asl mohiyatiga yetish uchun ikkinchi taraf Toshkent shahar, Yakkasaroy tuman hokimligi tomon yuzlandik. Kichik sanoat zonasi nima maqsadda ko‘chirilayotgani va tadbirkorlarga qanday sharoitlar berilishi yuzasidan savollarga javob olishga harakat qildik. Suhbatdoshimiz Yakkasaroy tuman hokimi bo‘ldi.

Bu joyda mehmonxona, biznes markazlar tashkil etiladi

TUMAN HOKIMIDAN TUSHUNTIRISH

 “Yakkasaroy kichik sanoat zonasida 306 nafar tadbirkorimiz bor. Ulardan 270dan ziyodi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Sergeli sanoat zonasi tashkil qilingan bo‘lib, tadbirkorlar o‘sha joyga ko‘chiriladi. Lekin hali aniq ishlar boshlangani yo‘q. Biz tadbirkorlarni ogohlantirib qo‘yish uchun yig‘ilish o‘tkazdik. Hamma ishlarni qonuniy yo‘llar bilan qilamiz. Bu masala Toshkent shahar deputatlar kengashida tasdiqlandi. 

Ishlab chiqaruvchilarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish oson ish emas. Uchrashuvda tadbirkorlarga Sergeli sanoat zonasidagi joyni, hamma kommunikatsiyalarni tayyor qilib, keyin ko‘chirishimizni tushuntirdik. Har bir korxona bilan alohida ishlaymiz. Hamma rejalarni tayyorlab, har bir tadbirkorning sharoitidan kelib chiqib ish yuritamiz. Ham hokimiyat tomonidan, ham zonaning Direksiyasi tomonidan yordam beramiz. Sergeli sanoat zonasida joy ularga biriktirib beriladi. Ayni vaqtda ular ijarada o‘tirishibdi. Endi ularning qo‘lida hokim qarori bo‘ladi”, deydi Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov.

Amaldor Yakkasaroy tumanidan tadbirkorlarni ko‘chirish masalasiga to‘xtalar ekan, rivojlangan davlatlar tajribasi haqida aytib o‘tdi. Urbanizatsiya qoidalari bo‘yicha ham shahar o‘rtasida sanoat zonasi bo‘lmasligi kerakligini aytdi. 

“Rivojlangan davlatlarda shahar o‘rtasida ishlab chiqarish korxonalarini ko‘rmaysiz. Biz investitsiyani olib kirish, turizmni rivojlantirishni xohlaymiz. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani boshqa viloyatlar bilan chegaradosh bo‘lmagan yagona tumandir. Ya’ni, poytaxtning qoq markazida joylashgan tuman hisoblanadi. Bu joyda mehmonxona, biznes markazlar tashkil etiladi. Mehmonxonalar bizda juda tanqis. 

Urbanizatsiya qoidalari bo‘yicha ham ishlab chiqarish korxonalari, aeroportlar shahardan tashqarida bo‘ladi. Bu ekologiya, atrof-muhitga ham zarardir. Biz zonani shaharning chekkasiga olib chiqmoqchimiz. Buni qo‘shimcha o‘sha joyga pul tikib qo‘yishmasin degan maqsadda e’lon qildik. Hamma ish qonuniy bo‘ladi. Lekin hali hech kim biror tadbirkorni ko‘chirgani yo‘q. Hech kimga ko‘chasan deganimiz yo‘q”, deydi Anvar Sayfutdinov.

Ayni vaqtda iqtisodiy yuksalish, investitsiya oqimi kirib kelishi, eksportni rivojlantirish kabi masalalar dolzarb bo‘lib turgan vaqtda umid qilamizki, mutasaddilar tadbirkorlarning “burnini qonatmaydi”. Eksportchi-tadbirkorlar faoliyati doimgidek bir tekisda davom etishi uchun hokimiyat o‘z va’dalarida turadi, mulk daxlsizligi ta’minlanadi. Shundoq ham tashqi dunyoda O‘zbekiston tadbirkorlarga munosabat va mulk huquqi borasida yetarlicha dog‘lari bor mamlakat sifatida ko‘riladi. 

QALAMPIR.UZ voqealar rivojini albatta kuzatib boradi.

http://www.biznes-daily.uz/uz/2010-12-10-15-13-47/52934--yakkasaroy-kichik-sanoat-zonasini-boshqarish-dirktsiyasi
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing