TIV: Xitoy Uxandagi chet elliklarni chiqarib yuborish niyatida emas

Olam

image

Xitoy Hukumati yangi koronavirus o‘chog‘i Uxan shahridagi chet elliklarni evakuatsiya qilishni o‘ylayotgani yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra 2020 yil 27 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Pekin shahrida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari uchun brifingda aytib o‘tildi.

Brifingda quyidagilar ta’kidlandi:

– xotirjamlik saqlashning zarurligi. Sarosimaga tushish virusning o‘zidan ham kuchliroq tahdid bo‘lishi mumkin. Xitoy bugungacha vujudga kelgan barcha keng ko‘lamli epidemiyalarni bartaraf etgan, koronavirusni ham yengadi;
– koronavirusni davolab bo‘ladi. Xitoy barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Agar Xitoy o‘z oldiga biror maqsad qo‘ysa, albatta unga erishadi;
– Xitoy chet el fuqarolarining o‘z hududidagi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarni bajaradi. Vazirlik va idoralar, shuningdek provinsiya va shaharlarning rasmiy idoralari chet el diplomatik missiyalariga ularning Uxan shahri va Xitoyning boshqa shaharlarida muammoga duch kelgan fuqalarolari xavfsizligini ta’minlash borasida har qanday ko‘makni ko‘rsatishga tayyor. Hozirda Uxan shahri mamlakatning boshqa shaharlariga qaraganda xavfsizroq. Chunki u yerga eng yaxshi mutaxassislar, eng ilg‘or qurilma va texnologiyalar safarbar qilingan.

Chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillarining savollariga javob bera turib, Xitoy tomoni mamlakat Hukumati hozirda chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, elchixona yanvar oyida Uxandan Vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat’iy tavsiya qilgan edi.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda O‘zbekistoning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy koronavirus

Baholaganlar

92

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing