G‘arb haqiqatni tan olishga majbur bo‘ldi. Endi Falastinning Isroildan kam joyi yo‘q
Tahlil
−
23 Sentabr 15535 8 daqiqa
24 soat ichida Falastinni 10 ta davlat tan oldi. Ularning 3 tasi G7 klubi a’zosi ekani Falastin tarixida katta burilish nuqtasi bo‘ldi. Ro‘yxatdan juda kuchlilar o‘rin olgan. 21 sentyabr kuni Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya, 22 sentyabrda Fransiya, Belgiya, Andorra, Lyuksemburg, Malta va San-Marino kabi davlatlar 80 yillik adolatsizlikka o‘zlari uchun chek qo‘ydi. Shu tariqa Falastinni tan olganlar soni bir zumda 147 tadan 157 tagacha oshdi. Endi u dunyo tomonidan tan olinish borasida Isroildan unchalik qolishmaydi. Salkam teng. Chunki yahudiy davlati 163 davlat tomonidan tan olingan. Ayni damda ular orasidagi farq bor-yo‘g‘i 6 ta. Ha, Isroilning G‘azodagi qirg‘ini boshlanmasidan oldin bu farq juda katta edi. Ammo tez orada go‘daklarning "qotillarini" unchalik xushlamaydigan tarixiy qarorlar qabul qila boshlandi. Birinchilardan bo‘lib Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya shunday qadam tashlashdi. Shu yili yana 6 ta davlat: Barbados, Yamayka, Trinidad va Tobago, Bagama orollari, Sloveniya va Armaniston ham Falastinni tan oldi. Oradan bir yil o‘tib esa mana Saudiya va Fransiya tomonidan tashkillashtirilgan konferensiya doirasida bu tendensiya davom etmoqda.
Xatosini to‘g‘irlagan Britaniya
Yana bir ahamiyatga molik jihati shuki, Falastinga qilingan 80 yillik adolatsiz munosabatlarning asosiy sababchisi bo‘lgan Buyuk Britaniyaning o‘zi birinchilardan bo‘lib Fransiyaga ergashdi. Bu ishlarning ortida 1990 yillargacha London, undan keyin esa bugungacha Vashington muhim rol o‘ynadi. Mojaroning bosh ildizi Usmonli imperiyasining qulashiga borib taqaladi. Birinchi jahon urushidan so‘ng Usmonlilar quladi va uning yerlari mazkur urushda g‘olib bo‘lgan koalitsiya tomonidan bo‘lib olindi. Ushbu voqeadan biroz oldinroq esa Britaniya tashqi ishlar vazirligi “Balfur deklaratsiyasi”ga ko‘ra, Falastin hududida yahudiylar uchun milliy makon yaratishni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. O‘shanda London Falastinning arab aholisi huquqlarini ham himoya qilishi kerak edi, ammo hech qachon bunday bo‘lmadi. 1920-1940 yillarda Britaniya o‘zini falastinliklarni tinchlantirish uchun yahudiylarning immigratsiyasini cheklashga uringandek ko‘rsatardi. Ammo Yevropadan quvilganlarning oqimi hech qachon to‘xtamagan.
1947 yilga kelib esa na o‘tmish na kelajak kechira oladigan qing‘irliklar boshlandi. Tuzilganiga endigina bir necha yil bo‘lgan BMT 181-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, Falastin ustida Britaniya mandati tugatilishini e’lon qildi. Ushbu qarorga muvofiq, Falastin hududida ikkita mustaqil davlat – yahudiy va arab davlati tuzilishi kerak edi. O‘sha paytda hududdagi aholining qariyb 65 foizini arablar, 30 foizini esa yahudiylar yana 5 foizini boshqa millatlar tashkil etar edi. Biroq arablar ko‘p bo‘lishiga qaramay ularga hududning 42 foizi, yahudiylarga esa 56 foizi noteng tarzda ajratib berildi. Hududning 2 foizini tashkil etuvchi va 3 din uchun muqaddas bo‘lgan Quddusga esa alohida xalqaro maqom berildi. Ko‘p o‘tmay, 1948 yilning may oyida Isroil davlati tuzildi. 1949 yilda u dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan tan olindi va BMTga qo‘shilib, tashkilotning 59-a’zosiga aylandi. Falastinning tashkilotga kirishiga esa ochiqdan ochiq to‘sqinlik qilindi va bu holat bugungacha davom etmoqda. Bir necha bor tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun berilgan arizalar, uni qabul qilishga rozilik bergan rezolyutsiyalarning barchasi AQSHning vetosiga uchradi. Yetmaganiga Isroil tashkil etilganidan so‘ng Arab-Isroil urushlari oqibatida yahudiy davlati o‘z hududini kengaytirib, BMTning o‘sha 181-sonli rezolyutsiyasida falastinliklarga ajratilgan deyarli barcha yerlarni egallab oldi va yana qaytaraman, bu jarayon hali hanuz davom etmoqda.
AQSH iloji boricha qarshilik qilmoqda
Falastin uzoq vaqt davomida AQSH "karomati" bilan siyosiy institutlar va umumiy e’tirof etilgan rahbariyatsiz yashab keldi. 1964 yilga kelibgina Falastin ozodlik tashkiloti tuzildi va u falastinliklarning manfaatlarini ifodalovchi asosiy siyosiy tuzilmaga aylandi. 1974 yilda tashkilot Isroilni tan olish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi dastur qabul qildi. O‘sha yili u arab mamlakatlari tomonidan, keyinchalik esa BMT tomonidan Falastin xalqining yagona qonuniy vakili sifatida tan olindi. FOT (Falastin ozodlik tashkiloti) BMTda davlat maqomiga ega bo‘lmagan sub’ekt sifatida kuzatuvchi huquqini oldi.
1988 yilning noyabrida falastinliklar Sharqiy Quddusni poytaxt qilib, Falastin davlatining tashkil etilganini e’lon qildi. Bu qaror ramziy xarakterga ega edi, chunki FOT hech qanday hududni nazorat qilmasdi. Shunga qaramay, 80 dan ortiq davlat Falastinni davlat sifatida tan olganini bildirdi. Birinchi bo‘lib 1988 yil 15 noyabrda Jazoir uni tan olgan ilk davlat sifatida tarixga kirdi. Shundan so‘ng, tez orada barcha Arab davlatlari, 30 dan ortiq Afrika mamlakatlari, Osiyo davlatlari, ko‘plab sotsialistik mamlakatlar hamda 1992–2000 yillarda Sovet Ittifoqidan ajralgan mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston ham uni tan oldi. 1994 yil 25 sentyabrda O‘zbekiston va Falastin o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Rasmiy Toshkent o‘sha kezlarda Isroil bilan ham juda yaxshi aloqalar olib borar, Netanyaxu va Islom Karimov o‘rtasida hatto uchrashuv ham tashkil qilingan.
XXI asrning dastlabki dekadasida Falastinni tan olish navbati Lotin Amerikasi davlatlariga yetib keldi. Venesuela, Argentina, Boliviya, Braziliya va Chili kabilar Yaqin Sharqdagi adolatni tiklaydigan qarorga qo‘shildi. Shundan so‘ng, bemalol BMT’ga a’zolik uchun harakat qilish imkoni paydo bo‘ldi va 2011 yilda Falastin BMT’ga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Biroq BMT Xavfsizlik Kengashida yetarli qo‘llovga erisha olmadi, chunki u yerda dunyo xavfsizligi va tinchligini ta’minlashi kerak bo‘lgan 5 ta a’zo ichida bu ishni mutlaqo teskarisini qilib kelgan va bu ishni hozirgacha davom ettirayotgan AQSH bor edi. Vashington esa kutilganidek, ushbu rezolyutsiyaga veto qo‘yishini bildirdi.
2024 yil aprelida Xavfsizlik Kengashi ushbu masalani yana kun tartibiga qaytardi, ammo AQSH yana o‘zida mavjud veto huquqidan foydalangan holda uni blokladi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham eslab o‘tish joiz, 2012 yil 29 noyabrda esa BMT Bosh Assambleyasi Falastinni tashkilotga kuzatuvchi davlat maqomi berish bo‘yicha rezolyutsiya ishlab chiqdi. Uni 138 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, 41 mamlakat betaraf qoldi, 9 mamlakat, jumladan, AQSH va Isroil qarshilik qildi. Ammo bu paytga kelib Falastinda o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllandi va Ramallohni vaqtinchalik poytaxt qilgan Falastin Milliy ma’muriyati tuzildi. 2013 yilning yanvaridan boshlab rasmiy hujjatlarda Falastin davlati nomi ishlatila boshlandi. Falastin Milliy ma’muriyati rahbari esa Falastin davlati Prezidenti deb ataldi. 2004 yilda Yosir Arofat vafotidan so‘ng hozirda bu lavozimni Mahmud Abbos egallab turibdi. Ammo u Falastin tarixidagi eng zaif va imkoniyatlari keskin cheklanib qolgan rahbar hisoblanadi.
Bugungi kunda ham Vashington Falastin xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ekti bo‘lmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Hokimiyat tepasida ultraisroilparast Trampning turgani ham bunga o‘z ta’sirini o‘tkazyapti. Oxirgi marta Bayden davrida AQSHga tashrif buyurgan va Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlagan Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga bu safar AQSH vizasi ham berilmadi. U o‘z chiqishlarini onlayn formatda olib bormoqda. Yahudiy lobbisi va Tel-Avivdagi vazirlar bo‘lsa Makronga kuchli bosim o‘tkazyapti. Chunki tan olish kerak, bu qanday maqsadda amalga oshirilayotganidan qat’i nazar, Falastinning bunday keng miqyosda tan olinishida Yelisey saroyining o‘rni benazir. Ha, Emmanuel Makron va Saudlar oilasi bu ishi uchun tarixda bo‘rttirilgan, qalin yozuvlar bilan eslanishga haqli. Ular qudratli Vashingtonga qarshi o‘ziga xos kampaniya olib bormoqda. Ular bu ishni milliy manfaatlar yuzasidan qilyapti-mi, yoki bu adolat nuqtai nazaridanmi farqi yo‘q. Ob’ektiv olib qaralganda, Fransiya va Saudiya Arabistonining sa’y-harakatlari natijasida 24 soat ichida 10 ta davlat Falastinni tan oldi.
Shu o‘rinda yuqorida ta’kidlangan Isroil va Falastinni tan olish darajasi deyarli tenglashgani haqida aytilgan gapga qaytsak. Endi Falastinni ham qudratli davlatlarning deyarli barchasi tan olib bo‘ldi deb bemalol aytish mumkin. Kimdir AQSH va boshqa G7 davlatlari tan olmadi-ku deyishi mumkin, ammo Xitoy, Yevropa yetakchisi Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada va kuchli monarxiyalar. Bular qudratli davlatlar emas-mi? Shuning o‘zi yetarli emas-mi? Boz ustiga Isroilda ham qator gigant davlatlar uni tan olmasligi bo‘yicha jiddiy muammo bor. Eron, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi biri harbiy jihatdan qudratli, biri bo‘lsa iqtisodiy tomondan boy hamda ta’sir doirasi juda keng bo‘lgan mamlakatlar tan olmagan. Shu bois, bu borada endilikda Isroil va Falastinning darajasi teng deb bemalol, hech qanday ikkilanishlarsiz aytish mumkin.
Fransiya AQSH va Isroilni karaxt qildi
Endi BMT Bosh Assambleyasining asosiy jarayonidan biroz avval bo‘lib o‘tgan Falastin bo‘yicha konferensiyasida qanday voqealar sodir bo‘lganiga to‘xtalsak. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT shtab-kvartirasdagi nutqida Falastinni rasman davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. Shuningdek, u HAMAS qo‘lida saqlanayotgan 48 nafar garovdagillarni ozod qilish, G‘azodagi urush va bombardimonlarni, ommaviy qirg‘inlar hamda aholining majburiy ko‘chirilishini to‘xtatish vaqti kelganini ham ta’kidladi. Makron AQSH va Isroilni karaxt ahvolga soladigan qarorlar qabul qilish arafasida turibdi. Fransiya yetakchisi Falastin xavfsizligini ta’minlash uchun Yevropa bilan birga harakat qilishi va u uchun xavfsizlik kuchlari tuzish hamda uni har tomonlama ta’minlashga va’da berdi. Bunisi endi umuman kutilmagan yangilik bo‘ldi. Makronning ushbu gapidan so‘ng, Vashington va Tel-Avivdagi avzoyi qanday ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
O‘z o‘rnida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud boshqa mamlakatlarni ham Falastinni tan olishdek tarixiy qadam tashlashga chaqirdi. AQSHga BMT “go‘rga tiqqanday” nutq qilish uchun borgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa ushbu konferensiya doirasidagi chiqishida G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni qoralay boshlagan paytda uning mikrofoni o‘chirib qo‘yildi. U “Falastin muammosiga yechim topish va ikki davlat yechimini amalga oshirish” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida nutq qilayotgan mahal, 4-daqiqa 48-soniyada mikrofon uzilib qoldi. Prezident ovozi yozib olinmayotganidan bexabar holatda yana bir daqiqa atrofida gapirdi. Ushbu holat yuzasidan, Turkiya Aloqa boshqarmasi munosabat bildirdi va davlat hamda hukumat rahbarlarining nutqi uchun 5 daqiqa, boshqa ma’ruzachilarga esa 3 daqiqa vaqt ajratilganini aytdi va beshinchi daqiqaning oxirida mikrofon avtomatik tarzda o‘chirilganini bildirdi. Ammo nutq mazmuniga e’tibor berilsa, Erdo‘g‘an Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb atay boshlaganda uning mikrofoni darhol o‘chirildi va eng qizig‘i unda yana 12 soniya bor edi.