Vengriya YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bloklamoqchi
Olam
−
25 may 2023
7654Vengriya Yevroittifoqning Rossiya atom energetikasi tashkilotlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashga urinishlariga to‘sqinlik qilishda davom etadi. Bu haqda bugun, 25 may kuni Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto Bryusselda iqtisodiyot va mintaqaviy rivojlanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi Yevropa Ittifoqidagi mavqedoshlari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
TIV rahbari hozirda muhokama qilinayotgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi yadro sanoati uchun hech qanday cheklovlarni o‘z ichiga olmasligini ta’kidlagan.
“Bunday paketga darhol veto qo‘yganimiz hamma uchun ayon edi”, degan Siyyarto vengriyalik jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Vazirning ta’kidlashicha, shu paytgacha Vengriya Rossiya atom energetikasiga qarshi sanksiyalar qo‘llashga urinishlarni jilovlay olgan va buni davom ettirish niyatida. Vengriyaning bunday pozitsiyasi “Rosatom” bilan “Paksh-2” AES loyihasi bo‘yicha hamkorligi bilan bog‘liq.
Aytish joizki, Yevrokomissiya Vengriya va Rossiya tomonidan Pakshda yana ikkita yadroviy reaktor qurish bo‘yicha hujjatlarda kelishilgan o‘zgartirishlarni ma’qullagan. Siyyarto mazkur holat investitsiyalarni jadallashtirish va ushbu loyiha uchun moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirish imkonini berishini qayd etgan.
“Bu yaxshi yangilik, chunki Pakshdagi atom elektr stansiyasining qo‘shimcha energobloklari qurilishi Vengriya energetika xavfsizligining uzoq muddatli kafolatidir”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Ma’lumot uchun, sovet texnologiyasi asosida Rossiya yadro yoqilg‘isidan foydalangan holda qurilgan “Paksh” AES Vengriyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining yarmini va iste’mol qilinadigan elektr energiyasining uchdan bir qismini ta’minlaydi. Budapeshtdan 100 km janubda, Dunay qirg‘og‘ida joylashgan stansiyada VVER-440 reaktorlari o‘rnatilgan to‘rtta energoblok mavjud. Shu bilan birga, “Rosatom” loyihasi doirasida ikkinchi bosqich ob’ektlarini qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Moskva 12,5 milliard yevroga baholangan va boshidanoq 80 foizi Rossiya krediti hisobiga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ushbu loyihani moliyalashtirishga tayyorligini tasdiqlagan. Vengriya ikkita yangi VVER-1200 yadro reaktori ishga tushirilgach, stansiya quvvati hozirgi 2000 megavattdan 4400 megavattgacha oshishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning Rossiya agressiyasini qaytarishga qaratilgan sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga va G‘arbning keyingi yordami ko‘proq qurbonlarga olib kelishiga ishonchi komil.
LiveBarchasi