Vengriya Ukrainani neft quvuriga hujum qilishda aybladi
Olam
−
18 avgust 2025 4777 2 daqiqa
Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Ukrainani neft quvuriga hujum qilganlikda aybladi va bu hodisa Rossiyadan mamlakatga neft yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yganini bildirdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasda yozib qoldirdi.
“Bu bizning energetik xavfsizligimizga navbatdagi zarba bo‘lib, g‘azablantiruvchi va qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir!” deya yozgan u.
Vazir hujum aynan qachon va qayerda sodir bo‘lganini ochiqlamagan.
U Rossiya Energetika vaziri o‘rinbosari Pavel Sorokinning so‘zlariga tayangan holda, mutaxassislar hozirda quvur ishlashi uchun zarur bo‘lgan transformator stansiyasini tezroq tiklash ustida ishlayotgani, biroq yetkazib berish qachon qayta yo‘lga qo‘yilishi noma’lumligini qo‘shimcha qilgan.
Rossiyadan Vengriyaga neft “Drujba” quvurining janubiy tarmog‘i orqali yetkazib beriladi. Shimoliy tarmoq bo‘ylab (Polsha va Germaniyaga) Rossiya xom neftining oqimi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari sabab to‘xtatilgan, ammo shu yo‘nalish orqali Yevropaga Qozog‘iston nefti yuboriladi.
Siyyarto oldinroq ham Ukraina Bryansk viloyatidagi “Drujba” quvuriga tegishli ob’ektga zarba berganini aytgandi.
Rossiya hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda “Drujba” quvurining janubiy tarmog‘i orqali Vengriyaga 4,78 million tonna neft yetkazilgan. 2025 yilning yanvar-fevral oylarida esa 956 ming tonna neft yuborilgan. Hukumat Budapeshtni energiya resurslarini import qilishda muhim hamkor sifatida ta’riflagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvga va ertasi kuni Uchinchi jahon urushiga olib kelishini aytgandi.
Live
Barchasi