Vaziyat jiddiy: Rossiyaga qarshi yana to‘rt davlat sanksiya joriy qildi
Olam
−
23 fevral 2022
24322Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining(DXR va LXR) tan olinishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo iqtisodiy sanksiyalarning “birinchi raundini” e’lon qildi, deb xabar bermoqda CTV. Ta’kidlanishicha, cheklovlar DXR va LXR mustaqilligini tan olishni qo‘llab-quvvatlagan deputatlarga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, kanadaliklarga respublikalar bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlangan.
“Tan olish Rossiyaning BMT nizomidagi majburiyatlarini buzish hisoblanadi. Kanada, shuningdek, Rossiya harbiylarining harakatlarini, jumladan, Ukraina hududiga yurish haqidagi buyruqlarini qoralaydi, bu Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga aniq hujumdir”, degan Tryudo.
Rossiyaning Ottavadagi elchisi Oleg Stepanov Kanada rasmiylarining qarorini izohlar ekan, bu choralar “Rossiyaning Donbassda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan siyosati va amaliy yo‘nalishi”ga ta’sir qilmasligini aytgan.
Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrison ham sanksiyalarni e’lon qilgan, ular bir qator rossiyalik shaxslarga nisbatan joriy etiladi.
“Birinchidan, biz Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining sakkiz a’zosiga kirishni taqiqlash va maqsadli moliyaviy sanksiyalar joriy qilamiz”, degan Morrison.
Qayd etilishicha, bundan tashqari, rasmiylar “Qrim va Sevastopolga tegishli” mavjud sanksiyalarni kengaytiradi: endi ular “Donetsk va Lugansk viloyatlariga” qo‘llaniladi.
Buyuk Britaniya esa Rossiyaning besh banki va uch nafar rossiyalik: Boris va Igor Rotenberg hamda Gennadiy Timchenkoga qarshi sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda Bosh vazir Boris Jonson parlamentda so‘zlagan nutqida aytib o‘tgan.
“Bu sanksiyalarning birinchi to‘lqini”, degan Jonson, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Britaniya yangi sanksiyalar joriy etishini ta’kidlab.
Banklardan Promsvyazbank, “Rossiya”, Sanoat jamg‘arma banki, Qora dengiz taraqqiyot banki, Genbank sanksiyalar ostida qolgan.
“Ularning (sanksiyaga duchor bo‘lgan shaxslar va tashkilotlari) Britaniyadagi aktivlari muzlatiladi, bu odamlarning Britaniyaga kirishi taqiqlanadi. Britaniya fuqarolari va tashkilotlariga ular bilan biznes yuritish taqiqlanadi”, deya qo‘shimcha qilgan Jonson.
Uning qayd etishicha, Britaniya AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan harakatlarni muvofiqlashtirib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirishga tayyor.
Yaponiya hukumati ham Rossiyaga, shuningdek, Donbass respublikalariga nisbatan bir qator cheklovchi choralarni joriy etishga qaror qilgan. Bu haqda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida ma’lum qilgan.
U Moskvani “Ukraina atrofidagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha diplomatik qadamlarga qaytishga” chaqirib, DXR va LXR mustaqilligini tan olish “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish” ekanligini ta’kidlagan.
Sanksiyalar Donbass respublikalari vakillariga viza berishni to‘xtatish va ularning kapitalini muzlatish, ushbu respublikalar bilan import-eksport aloqalarini to‘xtatish, shuningdek, Rossiya hukumatining yangi suveren qarzlarini joylashtirish va operatsiyalarini o‘z ichiga oladi.
“Kelgusida biz ushbu chora-tadbirlarning tafsilotlarini hal qilamiz va kechiktirmasdan zarur tartib-qoidalarni amalga oshiramiz”, degan Bosh vazir va agar vaziyat yomonlashsa, chora-tadbirlar ro‘yxatini kengaytirish mumkinligini ta’kidlagan.
Avvalroq, AQSH va YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Qolaversa, 22 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya armiyasini moliyalashtirgan uchta bankka nisbatan sanksiyalar joriy qilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi