Vazirlikka sarson bo‘lsa hisobmi? Karantindagi fuqarolar yo‘lda qolib ketishdan xavotirda

Jamiyat

image

Butun dunyoga koronavirus tarqalgach, o‘zi ham pandemiyani boshidan o‘tkazayotgan O‘zbekiston imkon darajasida xorijdagi fuqarolarini qaytarish ishlarini olib boryapti.

Xorijdan qaytarilganlar qat’iy ravishda 14 kunlik karantin muddatini o‘tab, keyin poyezd va avtobuslarda uyiga kuzatib qo‘yilayotgandi. Bu tartib bekor qilingani, fuqarolar uyiga o‘zi yetib olishi kerakligi haqida hech qanday rasmiy xabar e’lon qilinmadi.

Ammo QALAMPIR.UZ`ga Andijonda yashovchi fuqarodan karantinda saqlanganlarni manziliga yetkazib qo‘yib bilan bog‘liq murojaat tushdi. Unda opasi va ukasi Qozog‘istondan qaytib, Toshkentda karantinga olingani, ular shu kunlarda karantindan chiqishi aytilgan. Ammo ularni Andijonga yetkazishda muammo bo‘lishi ham qo‘shimcha qilingan. Xususan,  murojaatda shunday deyiladi:

“Men bir narsaga tushunolmayapman. Meni opam va ukam hozirgi paytda vaqtinchalik karantinda (Qozog‘istondan kelishyapti). Ertaga yoki indinga karantindan chiqishadi. Ularni Toshkent vokzaliga olib kelib qo‘yishar ekan. Ular Andijonga kelishi kerak. Respublika buyicha poyezd va transport qatnovi karantin sabab to‘xtatilgan. Endi Respublika maxsus komissiyasiga: shu fuqarolar qanday qilib o‘z uylariga yetib olishadi, deb savol bermoqchi edim”, degan fuqaro transport muammosiga e’tibor qaratib.

U yo‘llar yopiq bo‘lishiga qaramay Toshkentdan Andijonga taksilar qatnayotganini, ammo ularda yo‘l kira haqi “otning kallasidek” ekanini aytib, noroziligini bildirgan.

Aytishlariga qaraganda Toshkentdan Andijonga taksilar eplab qatnayotgan ekan, har bir yulovchiga 500 ming so‘mdan. Menimcha karantin paytida 500 ming oddiy fuqaro uchun ancha katta pul. Agar Respublika bo‘yicha transport harakati cheklangan bo‘lsa, u taksistlar qanday qatnayapti? Agar Andijonga taksistlar qatnayotgani yolg‘on bulsa, karantindan chiqqan fuqarolar o‘z uylariga qanday yetib oladi? Maxsus komissiyadagilar shu masalani o‘ylashmadikan”, deya savolga tutgan fuqaro.

Shu masala yuzasidan Transport vazirligi Matbuot kotibi Navruz Ashurmatov bilan bog‘landik. Undan holatga izoh berishini so‘radik. Vazirlik vakili hamon karantindan chiqayotganlarni manziliga yetkazib qo‘yish uchun transport tashkil qilinayotganini ma’lum qildi.

“Shu vaqtgacha bunday bo‘lmagan. Bo‘lmagan narsani gapirish kerakmas. Shu vaqtgacha hech kim yo‘lda qolib ketmagan”, deya javob berdi Ashurmatov.

Ha, hozirgacha hech kim qolib ketmagandir. Murojaat ham qolib ketganlardan emas, qolib ketishi mumkin bo‘lgan fuqarolardan kelgan. Umid qilamizki, vazirlik fuqarolar yo‘lda qolib ketganidan keyingina harakatga tushmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin

Baholaganlar

192

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing