Vazir ibodat libosi masalasida “tupik”ka kirib qolingani va yaktak kiyganlar javobgarlikka tortilganini esladi
Jamiyat
−
10 iyul 2021
7996Ma’lumki, kuni kecha yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi va yangi qonundan ibodat libosi bilan bog‘liq modda chiqarib tashlandi. Xo‘sh, bunga nima turtki bo‘ldi? O‘zi bu modda nimani anglatar edi? Ibodat libosi deyilganda qanday kiyim nazarda tutilgandi?
Ushbu savollar nafaqat oddiy dindorlarni, balki qonun ijodkorlarini ham qiynab kelgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov AOKAda o‘tgan brifingda so‘z ocharkan, bundan 5-6 yil avval mutaxassislar qonundagi “ibodat libosi” so‘ziga ta’rif berishga qiynalib, “tupik”ka kirib qolganini, biroq qonunning ushbu moddasi bilan oddiy yaktak kiyganlar ham javobgarlikka tortilganini esladi.
“Bu qonun davlatning din siyosatini aniq tushuntirib beradigan, yagona, birlashgan unifikatsiyalashgan huquqiy hujjat, desak bo‘ladi. Bu hujjat O‘zbekiston hayotida oldin ham juda katta ahamiyatga ega edi. Uning ichidagi normalar aholining har kungi hayotida qiyinchiliklar tug‘dirayotgandi. Shu nuqtayi nazardan yangi yondashuvlar, yangicha qarashlar, kerak bo‘lsa, jamiyatning bu boradagi ehtiyojlarini e’tiborga olib, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan yangi konsepsiya asosida qonunning normalari shakllantirildi”, deydi Ruslanbek Davletov.
U so‘zida davom etarkan, navbatdagi qonunda avval ta’rifi va amaliyotda qanday ishlatilishi mavhum bo‘lgan terminlarga endi to‘liq ta’rif berilganiga e’tibor qaratdi.
“Birinchi jihat, cheklovlarning ayrimlari olib tashlanishi. Bizga ushbu qonundagi terminlarga ta’rif berish juda qiyin bo‘lardi. Noqonuniy diniy faoliyat, diniy tashkilot nima degani? Bunda talqinlar har xil bo‘lar edi. Shuning uchun yangi tahrirdagi qonunda bularning barchasiga ta’riflarni keltirdik. Har bir termin haqiqiy ta’rifiga ega. Nimagaki, ertaga bu qonunni amaliyotda qo‘llaganda, yagona yondashuv, yagona huquqiy amaliyot shakllanishi, sudda ko‘riladigan bo‘lsa, sud bundan foydalanishi uchun terminlarga ta’rif berildi. Bu ham oson bo‘lmadi. Chunki, diniy faoliyatning qaysi jihatlari noqonuniy hisoblanishi kerak, degan savolga javob beraman desangiz, ikki kun bahslashish mumkin. Hozirgi jarayonlarda chet ellik ekspretlar, o‘zimizning deputat va senatorlarimizning chuqur mulohazalaridan keyin mana shu terminlar shakllandi”, deydi Adliya vaziri.
Mamlakatning bosh huquqshunosi so‘zida davom etib, ibodat libosi masalasiga alohida to‘xtaldi. Qonunda ushbu moddaning mavjud bo‘lgani ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqarganini esladi.
“Yaxshi ma’lumki, ibodat libosi degan tushunchani olib tashladik. Bu tarixan va yaqin o‘tmishimizda ham amaliyotda qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Men bundan 5-6 yil oldingi holatni yaxshi eslayman. Unda boshqa tashkilotda ishlar edik va ishchi guruh topshiriq olganmiz. Ibodat libosi nima ekanini tushuntirib beraylik, qiyin bo‘lyapti deyilganda, biz guruh bo‘lib o‘tirganmiz, ko‘p ekspertlar kelgan. Boshida bu terminning ta’rifini darrov yozib tashlaymiz, deb amin bo‘lganmiz. Keyin professional yondashuv bilan tahlil qilishni boshlaganimizda, juda qiynalganmiz. Oxir-oqibat qanday “tupik”ka kirib, bu terminga ta’rif bera olmasligimizni, ojizligimizni tan olganmiz. U paytda bu qonunni qayta ko‘rib chiqish borasida bunday harakatlar yo‘q edi. O‘sha vaqtda ham ibodat libosi bilan bog‘liq muammo bor edi. O‘shanda ham aniq belgilab, aniq taqiqini qo‘yib beraylik, degan nuqtayi nazarda aytilgandi. Ya’ni, yengillik berish emas, aniq taqiqni belgilab beraylik, degan [vazifa] bor edi. Shuning uchun bizni qiynab kelayotgan mana shu termindan voz kechildi. Chunki, o‘zimizning dehqonlar kiyadigan yaktakni kiyib yurganda ham javobgarlikka tortish holatlari bo‘lgan. Bunga ibodat libosi sifatida qaralgan. Shunday tan olinib, kerak bo‘lsa, mana shunaqa amaliyotlar ham bo‘lgan. Endi esa bunday amaliyotga chek qo‘yildi va katta o‘zgarish bo‘ldi”, deydi Ruslanbek Davletov.
LiveBarchasi