Vashingtonda Husayn Boyqaroning miniatyurasi topildi
Jamiyat
−
09 yanvar
4577AQSHning Vashington shahridan Sulton Husayn Boyqaroning surati aks etgan miniatyura topildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, bu asar ayni paytda AQSHning Vashington shahridagi Osiyo san’ati Milliy muzeyida saqlanmoqda. Miniatyura shartli ravishda “Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi” deb nomlanib, u 1469 yilda rassom Mansur Musavvir tomonidan chizilgani taxmin qilinmoqda.
Husayn Boyqaroning hukmdorlik davrida ilm-fan, adabiyot, musiqa va tasviriy san’atning rivoji alohida ahamiyat kasb etgan. Uning davrida Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod kabi ustalar o‘z asarlari bilan tanilgan. Husayn Boyqaro shaxsiga nisbatan hurmat tufayli uning suratlari va portretlari ko‘plab asarlarda aks ettirilgan.
Mazkur miniatyura hukmdorga toj kiydirish jarayonini tasvirlaydi. Unda Sulton Husayn Boyqaroning yoshligidagi qiyofasi, saroy a’yonlari, shoir va allomalar, jumladan, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ham tasvirlangan. Husayn Boyqaroning madaniy homiy sifatidagi rolini ta’kidlovchi ushbu asar o‘z davrining barcha rasm-rusumlariga muvofiq ishlangan.
Miniatyurada hukmdor shohsupada o‘tirgan holda ko‘rsatilgan bo‘lib, uning chap tomonida shahzoda Badiuzzamon Mirzo, o‘ng tomonida esa Abdurrahmon Jomiy qo‘lida kitob tutib turgan holda aks ettirilgan. Hukmdorga yaqinda turgan qora yaktakli va oq sallali shaxs Navoiy bo‘lishi mumkin. Uning bu g‘alaba munosabati bilan Samarqanddan Hirotga borgani va “Hiloliya” qasidasini yozgani ma’lum.
“Hozirgi kunda Husayn Boyqaroning turli holatlarini aks ettirgan o‘ndan ortiq miniatyuralar dunyoning turli muzeylarida saqlanmoqda. Ushbu yangi aniqlangan asar esa nafaqat tarixiy, balki san’atshunoslik ahamiyatiga ham ega bo‘lib, tadqiqotchilar tomonidan chuqurroq o‘rganilishi kerak. Bu asar orqali Husayn Boyqaro shaxsiyati va uning madaniy merosga qo‘shgan hissasi yanada yorqin namoyon bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1200–1220 yillarda Xorazmshohlar davlatini boshqargan Jaloliddin Manguberdiga tegishli Yada toshi bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanayotgani aniqlangandi.
LiveBarchasi