Vashington Eronning keyingi rahbarini tanlamoqchi
Olam
−
07 mart 5910 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronda yangi rahbarni tanlash jarayonida Vashington ham ishtirok etishi kerakligini bildirishi xalqaro bahslarga sabab bo‘ldi. Uning aytishicha, mamlakatdagi hokimiyat almashuvi “maqbul va kuchli rahbar” kelishi bilan yakunlanishi lozim.
Biroq bunday ssenariy Erondagi diniy-siyosiy tizim uchun deyarli qabul qilib bo‘lmaydigan g‘oya hisoblanadi. Islom respublikasi tuzumi AQSHga nisbatan chuqur ishonchsizlik va tarixiy adovat asosida shakllangan. Eron elitalari orasida turli siyosiy qanotlar — islohotchilar, pragmatiklar va qattiqqo‘llar mavjud bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turgan asosiy maqsad — amaldagi tizimni saqlab qolish.
Vashingtondagi bayonotlarda yangi rahbar “shartsiz taslim bo‘lish”dan keyin tanlanishi mumkinligi aytilgan. Ammo hozircha bunday holatning alomatlari yo‘q. Kuzatuvchilar bu pozitsiya rejimni to‘liq almashtirishdan ko‘ra, uning yo‘nalishini o‘zgartirishga qaratilganini ta’kidlamoqda.
Eronda rahbar tanlash jarayoni odatda yopiq tarzda o‘tadi. Bu qarorni 88 nafar nufuzli ruhoniydan iborat Ekspertlar kengashi qabul qiladi. Hozir esa mamlakatdagi harbiy vaziyat sabab jarayon haqida turli taxminlar tarqalmoqda.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, marhum oliy rahbar Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy yetakchi sifatida tilga olinmoqda. Biroq Vashington bu nomzodni qabul qilmasligini ochiq bildirgan.
Tehron esa tashqi aralashuv haqidagi bayonotlarga keskin javob qaytardi. Rasmiylar mamlakat taqdiri faqat Eron xalqining qarori bilan belgilanishini ta’kidlab, har qanday tashqi ta’sirni rad etmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, hozirgi vaziyatda Eronda yakka rahbar o‘rniga vaqtincha boshqaruv kengashi shakllanishi ham mumkin. Chunki mamlakatdagi siyosiy tizimda asosiy ta’sir markazi sifatida Islom inqilobi muhofizlari korpusi tobora kuchayib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Muvaqqat rahbariyat kengashi agar Yaqin Sharq mamlakatlari hududidan hujumlar uyushtirilmasa, ularga qarshi yangi zarbalar bermaslik haqida qaror qabul qilgan edi.
Live
Barchasi