VAR, ikkita qizil kartochka va penaltilar seriyasi: “Paxtakor” finalda

Sport

image

Bugun, 24 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Paxtakor” va “Bunyodkor” uchrashuvi o‘z yakuniga yetdi. 

Asosan teng kurashlar ostida kechgan uchrashuvning 20-daqiqasida mezbonlar yetakchisi Dragan Cheran qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Ushbu vaziyatda u Abdulla Abdullayevga nisbatan qo‘pol harakat qilgan edi.

Son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan “qaldirg‘ochlar” 29-daqiqaga kelib, hisobda oldinga chiqib olishdi. Raqib futbolchilarining xatosidan unumli foydalangan Xurshid G‘iyosov osonlik bilan raqib darvozasini ishg‘ol etdi.

Shundan so‘ng, jamoalar asosan maydon markazi uchun kurash olib bordi. 41-daqiqada “Paxtakor” futbolchisi Hojimuhammad Erkinov burchakdan uzatilgan to‘pni Sarvar Karimov darvozasiga joylab qo‘ydi – 1:1.

O‘yin asosiy vaqtida hisob o‘zgarmagach, bosh hakam Akobirxo‘ja Shukrullayev tomonlarnin ekstra-taymlarga taklif qildi. 123-daqiqa o‘tib borayotgan vaqtda “sherlar” hujumchisi Sherzod A’zamov Ibrohim Tomivani qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. VAR tizimi orqali vaziyatni ko‘rgan hakam ikkinchi marta maydon egalari futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham ikki jamoa vakillari qanchalik urinmasin, gol urishning uddasidan chiqa olishmadi.

Penaltilar seriyasida omad “Paxtakor” futbolchilariga kulib boqdi – 5:4. Shu tariqa toshkentliklar O‘zbekiston kubogining finaliga yo‘l oldi va “Nasaf” jamoasi bilan bellashadigan bo‘ldi.

“Paxtakor”: Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov (Shahzod Azmiddinov, 85’), Anzur Ismoilov, Odiljon Hamrobekov (Humoyunmirzo Iminov, 112’), Sherzod Temirov (Boyan Matich, 85’), Dragan Cheran, Dostonbek Hamdamov (Azizbek Turg‘unboyev, 81’), Hojimat Erkinov (Diyor Xolmatov, 81’), Sherzod A’zamov, Sardor Sobirxo‘jayev (Abrorbek Ismoilov, 74’), Farrux Sayfiyev.

“Bunyodkor”: Sarvar Karimov, Avazbek O‘lmasaliyev, Xurshid G‘iyosov, Lutfulla To‘rayev (Muzaffar Olimjonov, 93’), Mirjahon Mirahmadov (Shahboz Erkinov, 83’), Odiljon Abdurahmonov (Ibrohim Tomiva, 56’), Nurillo To‘xtasinov, Ulug‘bek Abdullayev (Farhod Mirahmatov, 44’), Abdulla Abdullayev, Suhrob Izzatov, Muhammadodil Qahramonov (Davronjon Ergashev, 56’).

Chetlatishlar: Dragan Cheran 20’, Sherzod A’zamov 120+3’.

Ma’lumot uchun, final joriy yilning 4 dekabr kuni Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Nasaf Bunyodkor O'zbekiston kubogi Penal'tilar seriyasi

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing