Van I Qozog‘iston Prezidenti qabulida bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 20 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi. 

Suhbat chog‘ida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy diplomatiyasining jahon siyosatidagi g‘oyat muhim rolini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tashabbuslari global kun tartibini shakllantiradi hamda xalqaro tinchlik va barqarorlikni saqlashga katta hissa qo‘shadi.

U Xitoyni mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish, texnologik innovatsiyalar, iqtisodiy o‘sish, xalqaro investitsiyalar va boshqalar kabi ko‘plab sohalarda tan olingan yetakchi deb atadi. Davlat rahbari Qozog‘iston-Xitoy munosabatlarini xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, SHHT, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha konferensiya doirasida ham yuqori baholadi.

“Qozog‘iston Xitoyning ishonchli hamkori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Darhaqiqat, munosabatlarimiz va hamkorligimiz oldinga – kelajakka qaratilgan”, deydi Prezident.

Vazir Van I davlat rahbariga qozoq zaminida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin nomidan ezgu tilaklarni yetkazdi. ️Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari hamda hukumatlararo aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, To‘qayev ham Xitoy raisi Si Szinpinga samimiy salomlar yetkazdi va uning Ostonaga bo‘lajak davlat tashrifidan umidlari katta ekanini ta’kidladi. Qayd etish joiz, Si Szinpin joriy yilning iyul oyida Qozog‘istonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyoning 3 davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston)ga safar qilgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Gochjunni qabul qilgandi. Van I esa kuni kecha Tojikistonda Prezident Imomali Rahmonning qabulida bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Xitoy Qosim-Jomart To'qaev Van I

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing