Valverde janjaldagi jarohati sabab “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuboradi

Sport

image

“Real Madrid” klubi yarim himoyachi Federiko Valverde tibbiy ko‘rikdan o‘tgani va unda bosh miya jarohati aniqlangani sabab “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuboradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Klub bayonotiga ko‘ra, futbolchining ahvoli qoniqarli, biroq tibbiy protokollarga muvofiq u 10-14 kun davomida dam olishi kerak bo‘ladi. Shu sababli urugvaylik futbolchi joriy yilning 10 may kuni “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadigan “El-Klasiko” uchrashuvini o‘tkazib yuboradi. “Barselona” uchun ushbu bahs chempionlik o‘yini hisoblanadi – kataloniyaliklarga Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritish uchun atigi bir ochko kifoya qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Federiko Valverde ushbu jarohatni jamoadoshi Orelen Tchuameni bilan yuz bergan mojaro paytida olgan. OAV xabarlariga ko‘ra, futbolchilar o‘rtasidagi keskinlik ikki kun davom etgan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, dastlabki mojaro joriy yilning 6 may kuni mashg‘ulot vaqtida yuz bergan. Futbolchilar o‘rtasida tortishuv kelib chiqib, ular bir-birini itarib yuborgan. Bunga fransiyalik futbolchining qo‘polligi sabab bo‘lgan.

Keyingi kuni esa urugvaylik futbolchi jamoadoshining qo‘lini siqishdan bosh tortgan va mashg‘ulot davomida unga nisbatan bir necha marta keskin harakat qilgan. Mojaro keyinchalik kiyinish xonasida davom etgan va o‘sha yerda Orelen Tchuameni Valverdeni urib yuborgani, futbolchi yiqilib boshidan zarba olgani aytilmoqda.

“The Touchline” va “El Chiringuito” ma’lumotlariga ko‘ra, Federiko Valverde bir necha soniyaga hushini yo‘qotgan va keyinchalik qisman xotira yo‘qotishi kuzatilgan. Futbolchiga chok qo‘yilgan hamda qo‘shimcha tekshiruvlar uchun shifoxonaga olib ketilgan.

Biroq Federiko Valverde ushbu voqealarni rad etib, Tchuameni bilan mashg‘ulotlarda tortishib qolganini, ammo jarayon mushtlashuvgacha yetib bormaganini aytib o‘tdi. 

“Real Madrid” esa ushbu voqea yuzasidan har ikki futbolchiga nisbatan intizomiy tergov boshlagan. Xabarlarga ko‘ra, futbolchilar uchdan yigirmatagacha o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi, shuningdek maoshidan ushlab qolinish ehtimoli mavjud.

Ma’lumot uchun, La Liganing 34-turidan so‘ng “Barselona” 88 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. “Real Madrid” esa 77 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

“Real Madrid” Federiko Val'verde “El'-Klasiko”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing