Vaksina olmagan o‘zbekistonliklar Rossiyaga kiritilmaydimi?
Jamiyat
−
23 avgust 2021
7552Joriy yilning 1 sentyabridan MDH mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiyaga kirish tartibi o‘zgarishi haqida xabar bergan edik. O‘zgarish shundan iboratki, endi o‘zbekistonliklar “COVID-19 siz sayohat qilaman” (Puteshestvuyu bez COVID-19) ilovasi orqali taqdim etilgan “yashil” status QR-kodini ko‘rsatishlari shart bo‘ladi.
Yangi tartib vaksina olmagan O‘zbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasiga kiritilmaydimi, degan savol tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ushbu savolga javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar fuqaro hozirgacha vaksina olib ulgurmagan bo‘lsa, u ayni paytda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston fuqarolariga qo‘yilgan talablari asosida ushbu davlatga kiritiladi. Ya’ni bugungi kunda mazkur mamlakatga kiruvchi O‘zbekiston fuqarolari “COVID-19”ga qarshi to‘liq emlangan yoki kasallanib, antitanachalar hosil qilgan bo‘lsa, PZR-test topshirishi shart bo‘lmaydi va ular joriy yil 11 iyunda Rossiyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, vaksina olganlik sertifikati yoki kasallanib chiqqandan keyingi ma’lumotnoma bilan ushbu davlatga kira oladilar.
Vaksina olmagan yoki kasallanib, antitanachalar hosil qilmagan fuqarolar esa 5 kun davomida 2 marta PZR-test natijasi manfiy chiqqan taqdirdagina Rossiya Federatsiyasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari “Puteshestvuyu bez COVID-19” nomli mobil dasturdan ro‘yxatdan o‘tishlari va ushbu mamlakatga kirishdan 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda topshirilgan PZR-test natijasi oldindan kiritilishi va ushbu mobil dastur orqali bu holat tahlilidan so‘ng, mazkur davlatga kirishga ruxsat etilishi yoki yo‘qligi belgilandi.
LiveBarchasi