Vagon kuzatuvchisi o‘rni uchun $5000 so‘ragan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
13:27 1216 2 daqiqa
Toshkentda fuqaroning ishonchiga kirib, uni “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdiga vagon kuzatuvchisi lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxs 5000 AQSH dollari talab qilgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.
1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) bilan sudlangan fuqaro boshqa bir shaxsning ishonchiga kirib, o‘zini yuqori turuvchi mansabdor tanishlari orqali “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdiga vagon kuzatuvchisi lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish imkoniyatiga ega shaxs sifatida tanishtirgan.
Buning evaziga u 5000 AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida fuqaro oldindan kelishilgan 1500 AQSH dollari va 5 million so‘mni olayotgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bildirlishicha, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi hamda 28-moddasi orqali 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tadbirkorga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 60 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib berishni va’da qilgan uch kishi 20 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan edi.
Live
Barchasi