O‘zsanoatqurilishbank iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi
Biznes
−
24 noyabr 2023
2617Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) tomonidan 2023 yil davomida Yaqin Sharq va Turkiya hududlarida iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan banklar nomi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank “Eng ko‘p miqdorda issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga hissa qo‘shgan bank”, deya e’tirof etildi.
Bu bejiz emas. Moliyaviy faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish O‘zsanoatqurilishbank tizimida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Bank tomonidan O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida eko-innovatsiyalar va “yashil” investitsiyalar bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi keng qo‘llanib kelinmoqda.
XMK bilan hamkorlikda ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha “yashil bozor” tadqiq qilindi, korporativ va ulgurji hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun “yashil” moliyaviy mahsulotlar ishlab chiqildi.
E’tiborlisi, “yashil” loyihalarni baholashda XMK tomonidan ishga tushirilgan CAFI (Climate Assessment for Financial Institutions – Moliyaviy institutlar uchun iqlim o‘zgarishini baholash) platformasidan samarali foydalanib kelmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bank tomonidan ushbu dastur yordamida baholangan qiymati 137 mln AQSH dollariga teng loyihalar moliyalashtirildi. Bu bilan atrof-muhitga tarqaladigan issiqxona gazlari 45 ming tonnaga qisqartirildi.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari joriy etilmoqda.
Bu o‘z navbatida, bankning mamlakatda atrof-muhit va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida yanada yuqori mas’uliyat olganligini ifodalaydi.
LiveBarchasi