Uzoq umr ko‘rishning yangi siri aniqlandi – tadqiqot

Bu qiziq

image

100 yosh va undan ortiq umr ko‘rish faqat turmush tarzi bilangina emas, balki qadimgi ajdodlardan meros bo‘lib qolgan genetik omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Italiyalik uzoq umr ko‘ruvchilarning genomlarini o‘rgangan tadqiqotchilar shunday xulosaga keldi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “GeroScience” jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar 100 yosh va undan katta bo‘lgan 333 nafar italiyalikning DNKsini tahlil qilib, ularni yoshi taxminan 50 atrofidagi 690 nafar sog‘lom katta yoshagilarning genetik ma’lumotlari bilan solishtirgan. Shundan so‘ng bu ma’lumotlar Italiyaning zamonaviy genofondini shakllantirgan to‘rtta asosiy guruhni ifodalovchi 103 ta qadimgi genom bilan taqqoslangan. Ular G‘arbiy ovchi-yig‘uvchilar, Anadoludan kelgan neolit davri dehqonlari, bronza davri ko‘chmanchilari hamda Eron va Kavkazning qadimgi aholisi bo‘lgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, uzoq umr ko‘ruvchilarda G‘arbiy ovchi-yig‘uvchilarga (Western Hunter-Gatherers, WHG) xos bo‘lgan genetik meros ulushi sezilarli darajada yuqori ekani aniqlangan. Bu guruh so‘nggi muzlik davridan keyin Yevropada yashagan eng qadimgi aholi hisoblanadi. Shu bilan birga, boshqa qadimgi populyatsiyalarning genetik hissasi juda uzoq umr ko‘rish ehtimoli bilan bog‘liq emasligi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ovchi-yig‘uvchilarga xos DNK ulushining hatto ozgina oshishi ham 100 yoshga yetib borish ehtimolini taxminan 38 foizga oshirgan. Bu ta’sir ayniqsa ayollarda yaqqol namoyon bo‘lgan: bunday genetik komponent yuqori bo‘lgan ayollarda uzoq umr ko‘rish ehtimoli ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.

Mualliflar uzoq umr ko‘rish genetika, atrof-muhit va turmush tarzining uyg‘unlashuvi bilan belgilanadi, deb ta’kidlamoqda. Biroq olingan ma’lumotlar qadimgi evolyutsion merosning inson umrining davomiyligiga ta’siri ilgari o‘ylanganidan ancha kuchli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar inson umrini 150 yilgacha uzaytirishi mumkin bo‘lgan dori ishlab chiqqanini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

100 yosh Uzoq umr ko'rish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing