O‘zingdan chiqqan baloga... AQSHdagi o‘zbekistonlik qotil

Tahlil

Ortda qolgan haftada o‘zbek auditoriyasi uchun Amerika e’tiborni o‘ziga tortuvchi ikki voqea bilan esda qoldi. Biri amaldagi Prezident Jo Baydenning saylov poygasidagi yo‘lakchani tark etishi bo‘lsa, ikkinchisi mudhish qotillik. Baydenning yaqin kelajakda siyosiy sahnadan ketish qarori o‘z yo‘liga, ammo shu kuni Nyu-York shtatining Bruklin shahrida sodir bo‘lgan qotillik internetdagi o‘zbek segmenti uchun ancha dolzarbdir. Chunki bu jarayondagi asosiy figura o‘zbek oilasi.

Voqea qanday sodir bo‘ldi?

19 iyul tunda soat chamasi 22:15 larda huquq-tartibot idoralariga Bruklindagi 8-G‘arbiy ko‘chadagi uylarning biridan shoshilinch qo‘ng‘iroq bilan murojaat kelib tushgan. Oila egasi kechki payt uyga kirib kelganda onasi, ayoli va ikki nafar farzandining jasadini ko‘rishi bilan darhol 911 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Tezkor huquq-tartibot idoralari voqea joyiga zudlik bilan yetib borishadi va ushbu qotillikda gumonlangan erkakni qo‘lga oladi. Eng qizig‘i, qo‘lga olingan 24 yoshli o‘zbekistonlik Shahboz Rajabboyev 4 nafar jasadga begona emas va shu oilaning a’zosi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Oilaning qo‘shnilari ham ular asli o‘zbekistonlik bo‘lganini va bir necha yildan buyon Bruklinda yashab kelganini aytishgan.

Dastlabki olib borilgan tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik quyidagicha sodir etilgan. 19 iyul, juma kuni gumonlanuvchi va uning oila a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va bu muammoli vaziyat qon to‘kilishi bilan yakunlangan. Gumonlanuvchi Shahboz Rajabboyev o‘z onasi 56 yoshli Mavluda Fayziyevaning bo‘yniga bir necha marta pichoq urgan. So‘ng o‘z akasining ayoli bo‘lgan 27 yoshli Maftuna Hakimovani ham bir necha marta pichoqlagan. Rajabboyevning keyingi nishonlari esa voyaga yetmagan ikki nafar bolalar, ya’ni o‘zining jiyanlari bo‘lib, ularning biri 4 yoshli Timur Shavkatov bo‘lsa, ikkinchisi 5 yoshli Komila Shavkatova edi.  

Ayblov qanday?

Nyu-York politsiyasi voqeadan bir necha kun o‘tib, 21 iyul kuni Bruklindagi mazkur keys bo‘yicha 24 yoshli Shahboz Rajabboyevga qarshi rasmiy ayblovni e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oila qotiliga 4.1 va 4.2-darajali qotillikni amalga oshirganlik ayblovi bilan jami 200 yil qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. “Nyew York Post” nashri oilaning qo‘shnilariga tayanib bergan ma’lumotida gumonlanuvchining ruhiy nosog‘lom bo‘lishi mumkinligi va giyohvand moddalar iste’mol qilishini keltirib o‘tgan. Biroq sudga Rajabboyevning tarmoqdagi raqamli izlaridan uning ruhiy sog‘lom va giyohvand bo‘lmagan holda jinoyatga qasddan qo‘l urgani ma’lum bo‘ldi. Erkakning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari Rajabboyevning AQSHdagi eng yirik banklardan biri – Bank of America’da ishlaganini ko‘rsatadi.

AQSH qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatdagi qotilliklar darajalarga qarab turlanadi. Odam o‘ldirishning eng og‘ir turi 1-darajali qotillik bo‘lib, bu qasddan odam o‘ldirishdir. 2-darajali qotillik esa jahl ustida, ya’ni rejalashtirmagan holda odam o‘ldirishga aytiladi. Ba’zi hollarda qotillik tafsilotiga qarab, inson birdaniga bir inson o‘limi uchun 1 va 2-kategoriyada qotillikni amalga oshirishda ayblanishi mumkin. Nyu-York Amerikaning o‘lim jazosi qo‘llamaydigan shtati hisoblanadi. Bu jinoyat uchun Rajabboyev har bir 1-toifa qotilligi uchun 25 yildan umrbod qamoq jazosi hamda 2-toifa qotillikning har biri uchun 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu esa jami 200 yilga panjara ortiga ravona bo‘lishni anglatadi.

Keyingi jarayonlar. Jasadlarni qaytarish imkoniyati mavjudmi?

Ayni damda o‘ziga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilingan va o‘z oilasining qotili sifatida ko‘rilayotgan Shahboz Rajabboyev advokati va uni sudda kim himoya qilishi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Buning ustiga uning akasi, aniqrog‘i shu oilaning egasi haqida ham biron bir aytarli xabarlar yo‘q.

Ushbu qotillik jazosi AQSH jinoiy yurisdiksiyasiga tegishli bo‘lib qolmoqda. Ammo oilaning marhum a’zolari O‘zbekistonga qaytarilishi yoki qaytarilmasligi hozircha so‘roq ostida. QALAMPIR.UZ bu masalaga oydinlik kiritish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov bilan bog‘landi. Mas’ul esa tahririyatga quyidagilarni ma’lum qildi.

“Xorijda ishlash davrida turli sabablarga ko‘ra vafot etgan fuqaroning jasadini O‘zbekistonga qaytarish tartibi mavjud. Buning uchun, avvalo, ushbu fuqaroning ishlagani tasdiqlanishi kerak, ya’ni u mehnat migranti bo‘lgan bo‘lishi lozim. Agar xorijiy davlat hududida uning jasadini olib chiqib ketishga biror to‘siq bo‘lmasa, masalan, jinoyat sodir etilgan, tergov harakatlari olib borilayotgani kabi holatlar, vafot etgan shaxs jasadini urf-odatlarga ko‘ra tayyorlash va O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘riladi. Vafot etgan shaxs jasadi dunyoning istalgan davlat hududidan O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin. Buning uchun marhumning yaqinlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari mumkin”, deydi matbuot kotibi.

TIV bilan bog‘langanimizda “bunday holatlar sodir bo‘lganda marhumning oilasi ularni vatanga qaytarishlarini so‘rasa, albatta, O‘zbekistonga olib kelishga mamlakatning AQSHdagi konsulligi yordam beradi”, degan javobni oldik.

Xorijdagi vatandoshlar bilan elchixonalar orqali muloqotda bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ’ning savoliga yuqoridagi javobni berdi. Afsuski, holat sodir bo‘lganiga 4 kun bo‘lganiga qaramay, rasman hech qanday bayonot berilgani yo‘q. Oila necha yildan buyon Amerikada istiqomat qilishi, kim qayerda faoliyat olib borgani, shu vaqtgacha shunga yaqin nizolar kelib chiqqanmi, xullas, bu kabi savollarga hech qanday javob yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston qotil Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing