O‘zi ham o‘rmon yong‘inlarini jilovlay olmayotgan Putin Erdo‘g‘anga yordam va’da qildi
Olam
−
31 iyul 2021
5936Bugun, 31 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari Turkiyadagi yong‘inlar va ikki tomonlama aloqalarni muhokama qilgan. Prezident Putin Rossiya yong‘inlarni o‘chirishda Turkiyaga yordam berishni davom ettirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Bunga javoban Turkiya rahbari samimiy minnatdorlik bildirgan.
Xabarga ko‘ra, tomonlar ushbu tabiiy ofatga qarshi kurashda ikki mamlakatning o‘zaro ta’siri muhimligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, ular “Rossiya-Turkiya ko‘p qirrali hamkorligining dolzarb masalalari”ni muhokama qilgan. Xususan, Prezidentlar bir kun oldin bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini ijobiy baholagan.
“Savdo-iqtisodiy, energetika va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi birgalikdagi ishlarga o‘zaro munosabat bildirildi”, deyiladi Kreml bayonotida. Biroq, xabarda suhbat kimning tashabbusi bilan bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritilmagan.
Qayd etish kerakki, davlat rahbarlarining suhbatidan so‘ng, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘rmon yong‘inlari tufayli Turkiyaga 11 ta aviatransport yuborishini ma’lum qildi. Bungacha Rossiya Turkiyadagi yong‘inlarga qarshi kurashga 3 ta samolyot yuborgandi. Global havo isishidan Rossiyaning o‘zi ham aziyat chekmoqda. Ayni damda Federatsiyaning Yoqutiston qismida o‘rmon yong‘inlari avjiga chiqqan. Umumiy hisobda 730 ming gektar maydon o‘t ichida qolgan.
Turkiya olov ichida
Joriy yilning 28 iyulida Turkiyada o‘rmon yong‘inlari boshlandi. Yong‘in mamlakatning bir qancha viloyatlariga tarqalgan. Ularning ichida eng aziyat chekkani sayyohlik viloyati — Antaliya bo‘lib turibdi. To‘rt kundan beri davom etayotgan yong‘inlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va 180 dan ortiq kishi jarohatlangan. Turkiya Prezidenti zarar ko‘rgan hududlarni falokat hududi, deb e’lon qilgan.
Qayd etish kerakki, kecha, 30 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish va ularning keng tarqalishini oldini olish maqsadida mamlakatga yordam guruhlari yuborilishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi