O‘zgidromet radiatsion bulut masalasiga aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
21 avgust 2019
7272Avvalroq, Rossiyaning shimoliy tumanlaridan O‘zbekiston hududiga radioaktiv bulutlar kirib kelgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat bo‘yicha Gidrometeorologiya xizmati markazi rasmiy ma’lumot berib, vaziyatga aniqlik kiritdi.
“Sinoptik vaziyat va sputnikdan olingan ma’lumotlar 8-20 avgust kunlari O‘zbekiston Kaspiy dengizining janubiy qismi va Eronda shakllanib, Turkmaniston orqali kirib kelgan janubi-g‘arbiy havo oqimi ta’sirida bo‘lganini ko‘rsatdi.
Rossiyaning Yevropa hududi (Severodvin) shimoliy rayonlaridagi havo oqimlari O‘zbekiston hududiga kirmagan.
O‘zgidromet tomonidan amalga oshiriladigan radiatsiya foni darajasining monitoringi shuni ko‘rsatdiki, respublika bo‘yicha gamma-nurlanish ekspozitsion dozasi quvvatining o‘rtacha oylik darajasi 0,16 mkZv/ch ni tashkil qilgan, hamda 0,08 mkZv/ch dan 0,24 mkZv/ch gacha o‘zgarib turgan.
8-20 avgust davrida respublika bo‘yicha gamma-nurlanish ekspozitsion dozasining o‘rtacha qiymati 0,30 mkZv/ch ruxsat berilgan ko‘rsatkichda 0,15 mkZv/ch ni tashkil qilgan.
Toshkent shahrida gamma-nurlanish ekspozitsion dozasining maksimal qiymati 0,16 mkZv/ch ga teng bo‘lgan, bu ko‘rsatkich 8 va 10 avgust kunlari qayd etilgan.
Shunday qilib, 8-20 avgust davrida O‘zbekiston hududida gamma-nurlanish ekspozitsion dozasi qiymatlarining sanitariya me’yorlaridan oshgani qayd etilmagan. Havoda texnogen radionuklidlar mavjudligini aniqlash uchun tegishli o‘lchovlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi markaz bayonotida.
LiveBarchasi