O‘zgidromet haftalik ob-havoni e’lon qildi
Bu qiziq
−
16 may 2022
22694Hafta o‘rtasida O‘zbekistonning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Bugun, 16 may kuni respublika bo‘yicha havo kam bulutli va quruq bo‘ladi. Kunduz kuni havo may oyi o‘rtalari uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlargacha isiydi va 27-30 daraja atrofida bo‘ladi.
Ertaga, 17 may kuni respublika hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoliy hududlariga nam bulutli massivlar kirib kelishi kutilmoqda, ularning o‘tishida Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
18 mayda nam havo massasining sharqqa qarab harakatlanishi respublikaning markaziy va sharqiy hududlari bo‘yicha beqarorlikni keltirib chiqaradi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunduz kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
19 mayda faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
20 mayda respublika bo‘yicha quruq va iliq bo‘ladi.
Ushbu haftada havo harorati 25-30 daraja atrofida bo‘ladi, ba’zi joylarda 32 darajagacha ko‘tariladi.
18-19 may kunlari tog‘larda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Haftaning qolgan kunlarida faqat ayrim tog‘li hududlarda mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan yomg‘irlar kuzatilishi mumkin.