O‘zgidromet Kosonsoyga sel kelishining sababini tushuntirdi

Jamiyat

image

Kecha, 13 iyul kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida sel kuzatilib, 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingandi. O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi mazkur hodisaga nima sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasining shimoli-g‘arbiy qismi va Qozog‘iston janubidan atmosfera sovuq fronti o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida front o‘tishi ortidan, Farg‘ona vodiysi tog‘ havzalarida kuchli yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar rivojlandi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida mahalliy vaqt soat 12:35 va 13:25 oralig‘ida kuchli jala yomg‘ilar yog‘ib o‘tdi. Kuchli jala yomg‘irlar Jalolobod viloyati Oqsuv tumani va Namangan viloyati Kosonsoy tumanidan oqib o‘tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qildi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg‘irlari va do‘l hodisasi kuzatildi. O‘rtacha hisobda do‘l diametri 1 sm ni tashkil etdi.

“Kosonsoy tumani tog‘ oldi hudud hisoblanib, georafik joylashganligiga ko‘ra, sel-toshqinlari hosil bo‘lishiga moyil hudud sanaladi. 2021 yil 13 iyul kuni qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan”, deyiladi O‘zgidromet xabarida.

2021 yil 13 iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 m kub/s miqdordagi sel-suv toshqiini o‘tgan. Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878 yildan boshlab ro‘yxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari asosan, aprel-iyul oylarida hosil bo‘ladi. Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan bo‘lib, 1964 yil 27-28 iyulda 278 m kub/s, 1988 yil 1 mayda 200 m kub/s, 1992 yil 25 mayda 250 m kub/s miqdorida sel kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi mahalliy aholidan 2021 yil 14-17 iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan sel Kosonsoy

Baholaganlar

187

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing