O‘zbekona davra. Koreyadagi migrantlar ham unutilmadi

Jamiyat

O‘zbekiston mustaqilligiga yaqinda 34 yil to‘ldi. Bayram sanasi o‘tgan bo‘lsa-da, uning shukuhi, bayromona kayfiyat ko‘pchilikni haligacha tark etgani yo‘q. Migratsiya agentligi hamda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi bunga katta hissa qo‘shmoqda. Mamlakatning ushbu ikki vakolatli idorasi tashabbusi bilan xorijda ishlayotgan migrantlar uchun navbatdagi madaniy va sport tadbirlari joriy yilning 7 sentyabr kuni Koreyaning Ulsan shahrida tashkil qilindi.

Tadbir O‘zbekiston madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev yig‘ilganlarga bayram tabrigini yo‘lladi. Bundan tashqari, Seuldagi elchixona hamda Ulsan shahar rasmiylari ham o‘zbekistonliklarni Mustaqillikning 34 yilligi bilan qutladi.

Xorijda mehnat qilish bilan bir qatorda sportni ham unutib qo‘ymagan o‘zbekistonliklar bellashuvlarni dastavval armrestling bilan boshladi. Bu – mehnat bilan chiniqqan qo‘llarning, har kun ter to‘kkan odamlarning kurashi bo‘ldi. O‘zaro bahsli o‘tgan jarayonda hamma g‘oliblik uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Nihoyat g‘olib aniqlangach, arqon tortishga start berildi. Unda o‘zbekistonliklar 4 ta jamoaga bo‘linib, musobaqada nafaqat kuchini, balki birligini ham ko‘rsatdi.

Yugurish estafetasi ham ancha qizg‘in kechdi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, estafeta tayoqchasini olib yugurgancha uni jamoadoshiga yetkazib berdi. Nihoyat tezligi ancha yuqori bo‘lgan guruh ham aniqlandi.

Sport tadbirlarining eng so‘nggisi esa millionlar o‘yini – futbol bo‘ldi. Unda o‘zbekistonliklar Koreyada yashab, ishlayotgan bo‘lsa-da, ular tadbir orqali har doim bir jamoa ekanini his qilishga harakat qildi.

Sport musobaqalari yakunlangach, g‘oliblar Migratsiya agentligi hamda O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, oltin, kumush va bronza medallari hamda maxsus tayyorlangan “Mustaqillikning 34 yilligi” kubogi bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostidagi tadbirning madaniy dasturi ham boshlandi. Mehmonlar taniqli san’atkorlarning chiqishlaridan bahramand bo‘ldi. O‘zbekcha qo‘shiq hamda o‘zbekona hazillar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi. Oilasi, yaqinlari, ishdagi do‘stlari bilan bayramga kelganlar Migratsiya agentligi hamda elchixona tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbir orqali qisman bo‘lsa-da xuddi O‘zbekistonda, oilasi bilan bayramni nishonlashdek baxtni his qildi. Tadbirdan tayyorlangan videoni QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Migratsiya agentligi Ulsan shahri mustaqillik bayrami

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing