“O‘zbeklar xo‘rak bo‘lmoqda”. Rossiya uchun jang qilayotgan o‘zbekistonliklar ro‘yxati e’lon qilindi
Olam
−
30 iyul 23437 2 daqiqa
Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. Ro‘yxat loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Rossiya avvalgidek, asosan migrantlarni yuqori maoshli ish bilan aldab jalb qilmoqda – ularni qurilishda yoki armiyaning orqa bo‘linmalarida ish va’da qilmoqda.
“Eng katta rag‘bat sifatida Rossiya fuqaroligini berish va’dasi ilgari suriladi. Shu bilan birga, Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan shaxslar ham tahdid va psixologik bosim ostida urushga majburlab yuborilmoqda”, deyiladi xabarda.
Loyihaga ko‘ra, ayrim hollarda yangi migrantlar “shantaj” yo‘li bilan shartnoma imzolashga majburlangan.
“Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin yaqinda 5 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilganini, ular natijasida 90 ming kishi “tutib olingani”, ulardan 30 ming nafari shartnoma imzolab, urushga yuborilgani bilan maqtangan. “Tutib oldik” so‘zlari Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan munosabatni aniq ifodalaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda bugungi kunda Ukrainadagi harbiy harakatlar jarayonida 33 davlat fuqarolari asirga tushgani qayd etilgan.
Bildirilishicha, eng ko‘p son O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Kursk viloyatidagi “Postoyaliye Dvori” poligoniga tashrif buyurgani aytiladi.
“Delegatsiyaga polkovnik Alisher Norboyev rahbarlik qilgan va ularga Leningrad harbiy okrugi askarlarining jangovar tayyorgarlik elementlari bo‘yicha ma’lumot berilgan. Bu tashrif faqat rasmiy xarakterga ega bo‘lishiga umid bildirilmoqda, aks holda Rossiya armiyasi tomonidan o‘zbekistonlik yollanma askarlar tayyorlanayotgan maskanlarga borilgani haqidagi xavotir kuchayadi”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, xabarda Rossiya o‘zbeklarni xo‘rak sifatida ishlatayotgani aytiladi.
“Ularning Rossiya jamiyatidagi maqomi o‘zgarmagan – ular imperiya manfaatlari yo‘lida hayotini yo‘qotishga majburlanmoqda. Hukumat ham bu masalaning naqadar xavfli ekanini chuqur anglab, o‘z fuqarolarining hayotini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi zarur”, deyiladi loyiha xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham ushbu loyiha doirasida Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilingandi.
Live
Barchasi