O‘zbekistonning JCHdagi raqibi o‘zgarishi mumkin
Sport
−
12:27 8105 2 daqiqa
FIFA Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoasini Jahon chempionati qit’alararo saralash bosqichidan chetlatib, uning o‘rniga Nigeriya terma jamoasini tayinlashga yaqin. Bu haqda “Nigeria Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida Kongo terma jamoasi Afrika pley-offida Nigeriyani mag‘lub etib, Jahon chempionatiga chiqish uchun qit’alararo o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.
Nigeriya futbol federatsiyasi FIFA’ga rasmiy shikoyat kiritib, Kongo tarkibida fuqarolikni almashtirish va sport fuqaroligi talablariga javob bermaydigan futbolchilar o‘ynaganini ma’lum qilgan.
Nigeriya tomonining ta’kidlashicha, 9 nafargacha futbolchi Yevropa pasportlariga ega bo‘lgan va avvalgi fuqarolikdan rasman voz kechmagan. Ayni paytda Kongo qonunchiligi ikki fuqarolikka ruxsat bermaydi.
Nigeriyaliklarning fikricha, ushbu futbolchilar Yevropa pasportlaridan voz kechmagan va Kongo federatsiyasi ularning milliy maqomi borasida FIFA’ni chalg‘itgan.
FIFA nizomiga ko‘ra, xalqaro o‘yinlarda ishtirok etish uchun tegishli mamlakatning amal qiluvchi pasporti talab etiladi.
Kongo tomoni esa barcha futbolchilar FIFA tomonidan tasdiqlanganini va maydonga tushish huquqiga ega bo‘lganini ta’kidlab, Nigeriyani sport maydonidan tashqari yo‘l bilan natijaga erishishga urinishda ayblamoqda. Hozircha FIFA’ning yakuniy qarori e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Kongo saralashdan o‘tsa, O‘zbekiston terma jamoasi joy olgan “K” guruhiga o‘rin oladi. Bu guruhda shuningdek yana Portugaliya, Kolumbiya terma jamoalari ham bor.
Live
Barchasi