O‘zbekistonning yangi elchisi Jo Baydenga ishonch yorlig‘ini topshirdi 

Jamiyat

image

O‘zbekistonning AQSHdagi yangi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov Prezident Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi. 

Sidiqov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga AQSH Prezidenti bilan tushgan suratini joylab:

“Prezident Jo Bayden bilan uchrashish katta sharaf va imtiyoz. Men xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, strategik sherikligimizni yanada mustahkamlashga intilaman”, deya izoh qoldirgan. 

Furqat Sidiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics qo‘shma korxonasida bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2022 yilning 14 noyabridan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U rus va ingliz tillarini biladi. Oilali, to‘rt nafar farzandi bor.

Ma’lumot uchun, 2017 yilning 10 oktyabridan buyon O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimida Javlon Vahobov faoliyat yuritib kelayotgan edi. Vahobov o‘tgan oyning boshida O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimidagi faoliyatini yakunlab, O‘zbekistonga qaytayotganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi boshida bu lavozimga Furqat Sidiqov nomzodi Senat tomonidan tasdiqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jo Bayden Furqat Sidiqov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing