O‘zbekistonning yana ikkita an’anasi UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Jamiyat

image

Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Hukumatlararo qo‘mitasining 17-sessiyasida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga O‘zbekiston ipakchiligi va Xo‘ja Nasriddin latifalari kiritildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston hamda Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlangan.

Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholagan va ularning Vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etgan.

Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning an’anaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida e’tibor qaratgan. Aholi orasida mashhur Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan haykali ham qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otgan.

“Endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini e’tirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, UNESCO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navro‘z”, “Shoshmaqom” va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar reestridan joy olgan.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

62

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing