O‘zbekistonning tashqi qarzi o‘sishda davom etmoqda
Jamiyat
−
23 aprel
23496O‘zbekistonning gardanidagi qarz ko‘payishda davom etmoqda. 2023 yilning so‘nggida O‘zbekistonning ichki va tashqi qarzi qariyb 35 milliard dollarga yetgan edi. 2024 yilda ham hukumat xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan kredit jalb qilishda davom etyapti.
2024 yilda tuzilgan kredit shartnomalari
Shu yilning 19 fevral kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolangan. Shartnomaga ko‘ra, Yaponiya O‘zbekistonga 37 milliard iyena (246,2 million AQSH dollari) miqdorida imtiyozli kredit ajratgan. Kredit 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr, yillik 1,8 foiz stavka bilan berilgan.
5 aprel kuni O‘zbekiston Germaniya taraqqiyot bankidan 150 million yevro kredit oldi. 20 aprel sanasida esa Jahon banki O‘zbekistonga 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi.
Yuqorida keltirilgan har uchala qarz mablag‘lari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilgan “Barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash dasturini” amalga oshirishga yo‘naltirilishi aytilgan. Bu energetika, transport, ijtimoiy himoya, gender tengligi va iqlimni muhofaza qilish sohasidagi muhim islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
Yo‘llarni ta’mirlash uchun 240 million dollar
2023 yilning 29 dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 240 million dollar miqdorida 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yil muddatga kredit ajratgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mablag‘ hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda jami 110 km uzunlikdagi sement-beton qoplamali yo‘llar quriladi.
240 million dollarlik qarz 2048 yilda 303 million dollar miqdorida qaytariladi. Loyihani o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish hamda qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “Avtoyo‘linvest” agentligi mas’ul etib tayinlangan.
O‘zbekistonning tashqi qarz statistikasi
2023 yilning yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarzi 29 mlrd 636 mln dollarni tashkil etgan edi (YAIMga nisbatan 38,9%). 2024 yilda jalb etilgan kreditlarni hisobga olganda qarz miqdori 30 milliard dollardan oshgan. Eng yuqori qarz ulushi davlatlar kesimida Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi (3,7 mlrd dollar).
LiveBarchasi