O‘zbekiston Suriyaga elchi tayinladi
Jamiyat
−
07 Sentyabr 2332 2 daqiqa
O‘zbekistonning Suriyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Suriya Tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini ta’kidlagan.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada faollashtirish masalalarini muhokama qilgan.
Suhbat davomida O‘zbekiston – Suriya Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, Suriya tomoni o‘tgan yillarda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam va ko‘makni yuksak qadrlashi qayd etilgan.
Suriya tomoni O‘zbekiston bilan munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirib, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Suriya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 24 martda o‘rnatilgan. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar asosan xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, gumanitar va xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq bo‘lib kelgan.
2011 yilda Suriyada qurolli mojaro boshlanganidan keyin O‘zbekiston mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab, inqirozni tinch yo‘l va siyosiy muloqot orqali hal etish tarafdori bo‘lib kelgan.
Ikki davlat munosabatlarida gumanitar hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi. 2019–2021 yillarda O‘zbekiston tomoni Suriyadagi mojarolar tufayli og‘ir vaziyatda qolgan o‘zbekistonlik ayollar va bolalarni yurtga qaytarish bo‘yicha bir qator “Mehr” gumanitar operatsiyalarini amalga oshirgan. Bu jarayonlarda yuzlab O‘zbekiston fuqarolari Suriyadan evakuatsiya qilingan.
Ma’lumot uchun, Ayyubxon Yunusov Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Misrdagi “Al-Azhar” universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
U 2003 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, vazirlik markaziy apparati, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahri va Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay Bosh konsulligida ishlagan.
Yunusov 2024 yil 6 fevral kuni O‘zbekistonning Quvaytdagi elchisi etib tayinlangan. Unga qadar Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga ishonch yorliqlarini topshirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi