O‘zbekistonning Xorvatiyadagi birinchi elchisi Prezidentga ishonch yorliqlarini topshirdi
Olam
−
29 noyabr
1170Qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimdan so‘ng tomonlar o‘zaro suhbat o‘tkazib, O‘zbekiston-Xorvatiya munosabatlarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilgan. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Tomonlar o‘zaro manfaatli bir qator muhim sohalarda hamkorlikni faollashtirishga qiziqish bildirganliklarini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 46 yoshli Oybek Shaxavdinov Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura), Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining tarjimonlar tayyorlash kursini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshlagan, so‘ngra TIVning Yevropa davlatlari bilan hamkorlik boshqarmasida referentlikdan boshqarma boshlig‘i singari diplomatik xizmatning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida ishlagan. U hozirda bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Vengriya, Xorvatiya, Sloveniya va Chernogoriyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 25 noyabr kuni Oybek Shaxavdinov Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
LiveBarchasi