O‘zbekistonning qayerida qancha COVID-19 yuqtirgan bemor borligi aytildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan xastalanganlar 158 nafarni tashkil etayotgani, ularning 92 nafari (shundan 7 nafari sog‘aygan, bir nafari vafot etgan) Toshkentda davolanayotgani haqida xabar bergan edik.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qolgan 66 nafar bemor (shundan bir nafari vafot etgan) qaysi viloyatda davolanayotgani haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalingan 26 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Farg‘ona ushbu ko‘rsatkich bilan Toshkent shahridan keyingi o‘rinda turadi. Ularning 9 nafari farg‘onalik. Qolgan 4 nafari andijonlik, 1 nafari jizzaxlik, 3 nafari samarqandlik,7 nafari poytaxtlik, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Kasallikka chalinganlarning 17 nafari shu yilning 25 mart kuni bitta reysda Turkiyadan Farg‘onaga charter reysda kelishgan yo‘lovchilar orasida aniqlangan. Shu kuniyoq ular statsionar karantinga olinib, kasallik tasdiqlangach ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgan.

Namangan viloyatida esa 15 holatda ushbu infeksiya aniqlangan. Ularning 13 nafari 12 va 13 mart kunlari Turkiya safarida bo‘lib qaytishgan ikki nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarodan yuqtirib olishgan. Ayni paytda bemorlar viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Avval xabar berganimizdek, bir nafar bemor vafot etgan.

Andijon viloyatida 8 nafar bemor bor va ularning barchasi andijonliklar. Bundan tashqari boshqa viloyatlarda yana 6 nafar andijonlik bemor bor — 2 nafari Buxoro, 4 nafari Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda.

Hozirda bir nafar xorazmlikda ushbu infeksiya tasdiqlangan. Ammo Xoramz viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bundan tashqari, yana 5 nafar bemor davolanmoqda. Ularning 2 nafari surxondaryolik, 1 nafari buxorolik, 1 nafari qoraqalpog‘istonlik, 1 nafari esa farg‘onalik hisoblanadi.

Buxoro viloyatida 8 nafar, jumladan, Andijon va Samarqand viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyati hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 1 nafardan bemor davolanmoqda. Ularning 4 nafari 22 mart kuni Istanbul – Buxoro charter reysida va yana 4 nafari esa 24 mart kuni Moskva – Buxoro charter reysida kelgan va karantinga olingan, kasalligi tasdiqlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda.

Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlanganidek, Moskvadan charter reysida kelib, kasalligi tasdiqlangan 2 nafar buxorolik poytaxtda va 22 martda Moskvadan charter reysida Urganchga uchgan bir nafar ushbu viloyat fuqarosi Xorazm yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Ayni vaqtgacha uch nafar qashqadaryolikda ushbu infeksiya aniqlangan. Shundan bemor bilan muloqot orqali ushbu infeksiyaga chalinib bir nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bo‘lsa, qolgan 2 nafari 21 mart va 28 mart kunlari Moskvadan  kelgan shahrisabzlik va yakkabog‘lik fuqarolarda aniqlangan. Ular poytaxtdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida muolaja olishmoqda.

Navoiy viloyatidan ham 2 nafar asli ushbu hududdan bo‘lgan va kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgan fuqaroda infeksiya aniqlanib, viloyat yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan muassasada davolanishmoqda.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar haqida batafsil ma’lumot berib borishda davom etamiz.


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

566

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing